O‘zbekistonda 21-aprel kuni oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Unga ko‘ra, 1 gramm oltin 1 million 454 ming 920 so‘mga baholanmoqda. Bu 18-aprel kuni qayd etilgan narxdan 1,7 foizga va 17-apreldagi avvalgi rekorddan 0,9 foizga ko‘pdir. 5 grammlik o‘lchovli quyma esa 7 million 275 ming so‘mdan sotilmoqda.
Yil boshidan buyon oltin 28,5 foizga qimmatlashdi va kamida 27 marta, jumladan, aprel boshidan sakkiz marta narx rekordini yangiladi.
Oltin quymalar haqida
Oltin quymalar — og‘irligi 5, 10, 20, 50, 100 gramm bo‘lgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalar. Ular himoyalangan qadoqlarda sotiladi va bemalol uyda yoki bankda — individual bank yacheykalarini ijaraga olgan holda saqlash mumkin. Ularning narxi bir hafta ichida bir necha marta o‘zgarishi mumkin. Oltin quymalarini faqat banklarga sotish mumkin.
Jahonda oltin narxi
Jahonda oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 3400 dollardan oshdi. Ushbu qimmatbaho metall AQSH dollarining yanada zaiflashishi va savdo urushi xavotirlari fonida qimmatlashmoqda. Donald Tramp tomonidan boshlangan savdo urushi bozorlarni muvozanatdan chiqarib, xavfli aktivlarga bo‘lgan talabni pasaytirdi. Bu esa xavfsiz aktiv hisoblangan oltinga sarmoyani oshirdi.
Izoh (0)