Toshkentda YPXdan qochib, bir necha avtomobillarga shikast yetkazgan Gentra’da bo‘lganlarning 3 nafari 7 sutkaga qamaldi. “Daryo” sud hujjati bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, sudlanuvchilar — 35 yoshli G.P., 21 yoshli B.R. va 20 yoshli D.Q. (barchasi ayol) 18-aprel kuni S ismli shaxsning (avtomobilni boshqargan ayol) uyida o‘tkazilgan mehmondorchilikda tanishgan. Shu kuni kechasi o‘sha yerda tunab qolishgan. Ertasi kuni ertalab B.R.ning sog‘lig‘i yomonlashgani uchun S.ning tanishi bo‘lgan yigit J.ning avtomashinasida S, J, B.R.,D.Q. va G.P. birgalikda dorixonaga chiqqan, avtomashinani esa S. boshqargan.
Yo‘lda ularni YPX xodimlari to‘xtatgani uchun avtomashina davlat raqamlarini olib qo‘yishgan. S. ularning ogohlantirishiga qaramasdan avtomashinani katta tezlikda boshqarib, boshqa transport vositalariga ham urilgan. Ularni to‘xtatishganidan so‘ng IIB xodimlari va boshqalar kelishgan. IIB binosiga olib ketishmoqchi bo‘lishganida qarshilik ko‘rsatib, shu yerda bo‘lgan fuqarolar ularga baqirgani uchun ularni haqorat qilishgan.
Ayollar qilgan ishidan pushaymonligini, bunday holat boshqa qaytarilmasligini aytib, suddan o‘ziga nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 19-apreldagi qarori bilan ayollarning uchalasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi. Ularning har biriga 7 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Bir necha kishi Gentra’da YPX xodimidan qochib, bir necha avtomobillarga shikast yetkazgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Toshkent shahar IIBB ayol avtomashinani narkotik modda ta’sirida boshqarganini ma’lum qilgandi. O‘zini Gentra egasiman, deb tanishtirgan yigitning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil uning otasining nomida bo‘lgan.
Izoh (0)