O‘zbekistonda 2025-yilning 1-choragida Respublika bo‘yicha jami 10 117 ta obyektga kichik quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu kichik quvvatli quyosh panellarining umumiy quvvati 197,9 MVtga teng bo‘lgan.
Xususan:
- 1 455 ta ijtimoiy soha obyekti tomonidan 25,9 MVt;
- 2 052 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan 113 MVt;
- 6 428 ta aholi xonadoniga 56,3 MVt;
- 182 ta ko‘p qavatli uyga 2,79 MVt o‘rnatilgan.
Bu panellar orqali 60,082 mln kVt soat elektr energiya ishlab chiqarilgan bo‘lib, buning natijasida 15 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilib, 17 ming tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqishi oldi olingan.
Prezidentning 2025-yil 1-apreldagi qarorida hududlarda iste’molchilarni muqobil energiya resurslaridan foydalanishga o‘tkazish hamda energiya tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish orqali 2,5 milliard kVt soat elektr energiyasini va 1,1 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilishga erishish maqsadida bir qator choralar belgilangandi.
Prezident farmoni bilan imzolangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida, shuningdek, respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil energiya” stansiyalarini barpo etish, hududlarda kichik va mikrogeslar tarmog‘ini kengaytirish, aholi xonadonlarida quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish ham belgilangan.
2025-yil 1-iyuldan aholi uy-joylarining energiya auditini o‘tkazish xarajatlari hamda quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20 foizi va issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining 40 foizini, lekin BHMning 50 baravaridan (18 million 750 ming so‘mdan) oshmagan miqdorda qoplash uchun Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan subsidiya ajratiladi.
Davlat rahbari 2024-yil avgustida energiya tejamkorligini ta’minlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazganida “Muqobil energiya manbalarini o‘rnatish bu — davlat siyosati”, deb ta’klidlagandi.
Izoh (0)