Yengil vazn toifasida UFC chempioni bo‘lgan rossiyalik sportchi Islam Maxachev chempionlik kamaridan ayrilishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning ABC.es nashriga tayanib Championat xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, bu holat Maxachev ispan-gruzin jangchisi Iliya Topuriya bilan jang qilishdan bosh tortgan taqdirda ro‘y berishi mumkin. Ayni paytda rossiyalik sportchining jamoasi ushbu jangga rozilik bildirganini rasman tasdiqlamagan.
Agar Maxachev jangga chiqishni rad etsa, UFC uni chempionlikdan mahrum qilishi mumkin. Bunday vaziyatda Topuriya chempionlik uchun braziliyalik sobiq chempion Charlz Oliveyra bilan jang qiladi.
Qayd etilishicha, bu qaror UFC 317 turnirining asosiy jangi — Drikus Dyu Plessi va Hamzat Chimayev o‘rtasidagi bahs bekor bo‘lgach qabul qilingan. Sababi Islom ham jang qilishdan bosh tortsa, bu turnir ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmasligi mumkin.
UFC mazkur turnirni yuqori darajada o‘tkazish maqsadida asosiy jang sifatida yengil vazn toifasidagi titul bahsini rejalashtirmoqda. Ayni damda Iliya Topuriya bu jangga tayyorgarlikni boshlab yuborganini ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qildi.
Izoh (0)