O‘zbekiston aholisiga elektr va tabiiy gaz ishlab chiqarilgan narxidan arzon sotilishi hisobiga hosil bo‘lgan kamomad davlat byudjeti hisobidan qoplab kelinadi. Joriy yil mazkur subsidiyalar uchun 9,5 trillion so‘m ajratish belgilangan bo‘lsa, birinchi chorakdayoq 8,1 trillion so‘mi o‘zlashtirildi. Byudjet sarfi shu zaylda davom etsa, yil yakunigacha belgilangan subsidiya miqdori keskin oshib ketishi mumkin.
Byudjet qonuniga ko‘ra, 2024-yil uchun ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kompaniya zararlarini qoplash va joriy faoliyatini moliyalashtirish uchun xarajatlarga 9,5 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida maʼlum qilinishicha, bir yilga mo‘ljallangan mablag‘ning 8 trillion 57 milliard so‘mi (85 foizi) joriy yilning I choragida o‘zlashtirib bo‘lingan.
2023-yilda respublikada tabiiy gaz oldi-sotdisi o‘rtasidagi taqchillikni qoplash uchun davlat byudjetidan qariyb 18 trillion so‘m to‘lab berilgandi. Butun 2022-yil davomida esa byudjetdan UzGasTrade AJ tomonidan tabiiy gazni sotib olish va sotish o‘rtasida yuzaga kelgan zararni qoplash uchun 6,7 trillion so‘m miqdorida xarajat qilingan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadjon Haydarov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida 2024-yilda gaz oldi-sotdisidagi tafovutni qoplash miqdori pasaytirilishini aytib, keyingi bosqichlarda subsidiyalar qisqartirib borilishini taʼkidlagan.
“Subsidiyalardan bo‘shagan pullar ijtimoiy sohaga hamda aholining ijtimoiy himoyasiga sarflanadi”, — degan vazirlik rasmiysi.
Prognozlarga qaraganda, tabiiy gaz narxlaridagi tafovut uchun davlat byudjetidan 2025-yilda 6 trillion so‘m, 2026-yilda 5 trillion so‘m subsidiyalar ajratiladi.
O‘zbekistonda 2023-yil 1-oktyabrdan biznes uchun, joriy yilning may oyidan aholi uchun elektr va gaz tariflari oshirildi. Bundan ikki hafta ilgari energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr va gaz tariflari ko‘tarilgani hisobiga 2024-yilda energetikaga davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdori kamayishini aytdi. Biroq hozirgi holat buni aksini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatda gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun yuzlab million dollarlik loyihalarga mablag‘lar ajratilmoqda. Ammo natija kutilganidek bo‘lmay, gaz qazish hajmi kamayib bormoqda. Masalan, 2023-yilda respublikada so‘ngi yetti yil ichidagi eng kam — 46,7 milliard metr kub gaz qazib olindi. Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida ham gaz qazishda sezilarli qisqarish kuzatilib, 15,3 milliard kub metr tabiiy gaz qazildi. O‘tgan 2023-yilning dastlabki to‘rt oyida bu raqam 16,3 milliard kubni tashkil qilgan. Bir yillik qisqarish — 964,8 million kub metr.
Gaz qazishning qisqarishi va demografik o‘sish fonida import hajmi yildan yil ortishda davom etyapti. Masalan, 2020-yilda 50,4 million dollarlik, 2021-yilda 154,5 million dollarlik, 2022-yilda 281,9 million dollarlik gaz import qilingan. 2023-yilda esa gaz importi hajmi qolgan yillardagiga qaraganda sezilarli oshib, 694,9 million dollarga yetgan. Bu yil import rekordi yangilanishi kutilmoqda.
Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, O‘zbekistondagi 85 foiz konlardan tabiiy gaz qazib olib bo‘lingan.
“Hozir konlarga borgan sari chuqur kirib borilmoqda. Ulardan gaz qazib chiqarishda siquv kompressor stansiyalarida muammolar yuzaga kelib, qo‘shimcha vaqt va xarajat ketmoqda. Buning oqibatida mahsulot tannarxi oshmoqda. Texnologiyada konlarga qanchalik chuqur ketgani bilan baʼzi natijalar biz o‘ylagandek bo‘lmayapti. Eskirgan texnologik uskunalarimizda avariyalar ko‘paygan. Ularni vaqtida modernizatsiya qila olmaganimiz sababli kompressor stansiyalardagi agregatlarda to‘xtash holatlari bor. Tizimda 4 oy ichida 333 ta texnik nosozliklar bo‘ldi”, — degan vazir UzReport TVga bergan intervyusida.
Gaz qazib olish hajmi qisqarishda, import ulushi ortishda davom etarkan, oradagi tafovutni qoplashga byudjetdan ajratiladigan subsidiyalar hali beri to‘xtatilmaydigan ko‘rinadi. Chunki import narxlari ochiqlanmayapti, oshirilgan gaz narxlaridan tushgan mablag‘lar “ishlab chiqarish xarajatlarning bir qismini qoplash uchun” sarflanishi aytilyapti.
Iqtisodchi Otabek Bakirov holatga munosabat bildirar ekan, tizimga “zararkunanda model” deya taʼrif berdi.
Zararkunanda model mohiyatiga ko‘ra, shonli energetiklar ajratilgan subsidiyani qancha tez chayib tugatishsa, yana byudjetdan qo‘shimcha subsidiya ajratiladi. 2022-yilda shunday bo‘lgan, 2023-yilda shunday bo‘lgan. Bu subsidiyaxo‘rlar allaqachon shunga ko‘nikib bo‘lishgan. Yangi tariflar kuchga kirganiga, tariflar keskin oshirilganiga 1 oy bo‘ldi. Siz birorta energetikdan, ularning ustozi-yu shogirdlaridan, “bo‘ldi, subsidiya olishdan voz kechamiz”, degan gapni eshitdingizmi? Bo‘pti, bu shovvozlar hech qachon byudjetni emib o‘zlashtirishdan o‘z ixtiyorlari bilan voz kechishmaydi. Hukumat, birorta iqtisodiy kompleksdagi amaldor, parlamentdagi birorta cho‘ntak partiya, mayli masxarabozi bo‘lsa ham, shu talabni qo‘ydimi? Birortasi, “to‘xta, yopiq basseyn UzGaztrade oligarxlarga sovg‘a qilib yuborilgan o‘zimizning konlardan qazilgan gazni qanchadan olyapti, shimoldan kelyapti deyilgan gaz qanchadan tushyapti”, degan masalani ko‘tardimi? Ha desa, o‘tmishga tosh otadigan yoshulli senatorlarimiz nega jim? — deya post qoldirdi iqtisodchi Telegram kanalida.
2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 34,9 milliard dollarga yetdi. Bunda qarzlar miqdori kutilgan ko‘rsatkichdan (32,1 milliard dollar) 2,8 milliard dollarga ko‘proq o‘sgan. 2023-yil yakuni bo‘yicha jami qarzlarning 33 foizdan ortig‘i davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilingan. O‘tgan yili olingan davlat qarzining (4,5 milliard dollar jalb qilinishi belgilangan) katta qismi gaz ishlab chiqarish (importi) va sotish o‘rtasidagi yetishmovchilikni qoplashga sarflanishi aytilgandi.
Prognozlarga ko‘ra, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2024-yilda 37 foiz, 2025-yilda 37,4 foiz, 2026-yilda 37,9 foiz atrofida bo‘ladi.
Izoh (0)