Somalida qo‘lga olingan 24 yoshli ISHID jangarisi o‘q otish orqali o‘limga hukm qilinadi. U qatl oldidan Sky News telekanaliga intervyu berib, qilmishidan afsuslanmasligini ochiq aytdi.

Jangari ISHID qo‘mondoni sifatida faoliyat yuritgan, snayperlikka tayyorgarlik ko‘rgan va portlovchi qurilmalar tayyorlovchi guruh tarkibida bo‘lgan. ISHID hozirda Somali shimolidagi yarim avtonom hudud — Puntland g‘orlarida global shtab-kvartirasini joylashtirgan. U shu yerdan butun dunyo bo‘ylab faoliyatini moliyalashtirmoqda.
Muthar Hamid Qoiyid asli yamandlik bo‘lib, dengiz yo‘li orqali Somaliga kelgan. U o‘zini bomba tayyorlovchi guruhning faol a’zosi emasligini ta’kidlaydi.
“Men portlovchi qurilma tugmasini bosmaganman. Faqat qarab turganman. Bombani boshqa odam yasab, uni portlatgan. Men musulmonlarni o‘ldirish uchun bu yerga kelmaganman. Hech narsadan afsuslanmayman. Hozir xonadan olib chiqib otib tashlasangiz ham, men afsuslanmayman. Meni otishsa yoki osishsa ham farqi yo‘q. Oxir-oqibat menga bari bir”, degan u jurnalistlarga jilmayib.
Shu bilan birga, Hamid Qoiyid uning oilasi ISHIDni yoqtirmasligini qayd etgan.
“Agar ular meni bu yerda topsa, xafa bo‘lardi”, deya ta’kidlagan jangari.

Undan bombalar tufayli odamlar halok bo‘lganidan xabardor yoki yo‘qligi so‘ralganida, u quyidagicha javob qaytargan.
“Ha, lekin bombalar hammani o‘ldirmaydi. Faqat kofirlarni”, degan u.
Puntlanddagi ISHID g‘orlaridan jangarilarga tegishli xorijiy pasportlar topilgan. Ular orasida Janubiy Afrika, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Venesuela va Bahrayn fuqarolarining, hatto bolalarning ham hujjatlari mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil dekabr oyidan beri davom etayotgan Puntland armiyasi hujumi chog‘ida o‘ldirilgan 600 nafar ISHID a’zosidan atigi beshtasi somalilik bo‘lgan.
“Asosiy maqsad — dunyoni boshqarish edi”
Yana bir ISHID jangarisi, marokashlik Usmon Bukukar Bin Fuad ham jurnalistlarga intervyu berdi. U terrorchilik tashkiloti tomonidan aldanib, faqatgina pul ishlab topishi mumkinligini eshitgani uchun Somaliga borganini aytdi.

“Buning o‘rniga men g‘or qazishga majbur bo‘ldim. Qochish qiyin edi, lekin ular menga Puntland kuchlarini o‘ldirish uchun o‘z jonimni portlatadigan jilet kiyishni buyurganida, ‘bu menga va’da qilgan ishingiz emas’ dedim va qochdim”, deydi u.
Fuad uning qo‘liga qurol berishganini aytdi, biroq undan hech qachon foydalanmaganini ta’kidladi.
“Men hech qachon jangda qatnashmaganman. Qurolim (AK-47) bor edi, lekin men faqat oddiy ishlarni — bir joydan ikkinchi joyga ta’minot olib borardim va buyruqlarni bajarardim”, dedi u.

U Somalidagi IShID yetakchisi Abdul Qodir Mo‘min bilan bir necha marta uchrashganini aytdi. Fuadning so‘zlariga ko‘ra, unga snayperlik (u tugatmagan) va xarita bo‘yicha mashg‘ulotlar berilgan, biroq Puntland armiyasi hujumi boshlangach, ular to‘xtatilgan.
“Asosiy maqsad dunyoni boshqarish edi. Somalidan boshlanib, keyin Efiopiya va qolgan dunyo zabt etilishi rejalashtirilgan. Bosaso, Efiopiya yoki Yamanga jangarilar yuborish haqida ko‘p gaplarni eshitganman. Odamlarni dunyoning boshqa joylariga yuborish va butun dunyoni boshqarish rejaga kirgan edi, deya xulosa qildi u.
Izoh (0)