Eronda 21-avgust kuni erkak o‘zi sodir etgan jinoyat joyida osib o‘ldirildi. Bu ikki kun ichida amalga oshirilgan ikkinchi ommaviy qatl bo‘ldi.

Eronda aksariyat o‘lim jazosi qamoqxonalarda amalga oshiriladi. Ommaviy qatllar esa odatda jamiyatda katta norozilik uyg‘otgan jinoyatlarga nisbatan qo‘llanadi. So‘nggi qatl Kordkuy shahrida tong payt “jinoyat sodir etilgan joyda va ommaviy ravishda” amalga oshirilgan.
Osilgan erkak 2024-yil oxirida “er-xotin va bir ayolni ov miltig‘i bilan o‘ldirganlikda” aybdor deb topilgan. Qatldan ikki kun oldin esa Fars viloyatida yana bir erkak omma oldida osilgandi. U o‘g‘irlik vaqtida ona va uning uch farzandini o‘ldirganlikda ayblangan. Erkakning rafiqasi ham o‘limga hukm qilingan, biroq uning jazosi qamoqxonada ijro etiladi.
Amnesty International inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Eron dunyoda Xitoydan keyin eng ko‘p odam qatl qiladigan davlat hisoblanadi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi iyul oyda Eronni o‘lim jazosini qo‘llashni to‘xtatishga chaqirgan. Boshqarma 2025-yilning birinchi yarmida kamida 612 kishi qatl etilgani haqida xabar bergan.
Eron bunga javoban o‘lim jazosi faqat “eng og‘ir jinoyatlar” uchun qo‘llanilishini ta’kidlagan. Mamlakatda qotillik, zo‘rlash, zino va ayrim giyohvandlikka oid jinoyatlar o‘lim jazosiga sabab bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)