“O‘zgidromet” iyulning so‘nggi kunlari va avgust oyi dastlabki kuni uchun ob-havo prognozini e’lon qildi.

27-iyul kuni O‘zbekiston hududiga biroz nam va o‘tgan haftaga nisbatan biroz issiq bo‘lgan havo massalari kirib kelishi boshlangandi. Respublika hududining katta qismida kunduzgi harorat 34-37 darajagacha pasaydi, bu iyul oyi oxiri uchun bo‘lgan iqlim me’yoriga yaqin bo‘ldi. Biroq namlikning oshishi harorat pasayishi ta’sirini biroz kamaytirdi va ayniqsa kechasi havo dim bo‘lishi sezilarli bo‘ldi.
Prognozlarga ko‘ra, ushbu hafta davomida respublika hududi bo‘yicha harorat foni deyarli o‘zgarmaydi. Ko‘pchilik viloyatlarda harorat asosan 32-37 daraja, respublikaning cho‘l hududlarida va janubida ba’zi joylarda 38-40 darajagacha issiq bo‘lishi kutilmoqda.
Yog‘ingarchilik ushbu haftada kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida va respublikaning tog‘li hududlarida bugun kunduzi ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Toshkentda havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 21-24 daraja, kunduzi 34-37 daraja bo‘ladi.
Izoh (0)