Rossiyaning tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga beriladigan xavfsizlik kafolatlari Rossiyaning ishtirokisiz muhokama qilib bo‘lmasligini aytdi. Bu haqda Sergey Lavrov 20-avgust kuni Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadi bilan muzokaralardan so‘ng gapirgan.
18-avgust kuni Vashingtonda Yevropa yetakchilari va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berish masalasi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

“G‘arbning Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini Rossiya ishtirokisiz muhokama qilishi — bu hech qayerga olib bormaydigan yo‘l”, degan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ishtirokisiz olib borilayotgan muloqot utopiya va hech qayerga olib bormaydigan yo‘ldir. Rossiya diplomatiyasi rahbari G‘arb Moskvaning pozitsiyasini anglayotganiga umid bildirdi.
Shunday tarzda, Lavrov Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyaning Ukraina uchun kollektiv xavfsizlik kafolatlari ishlab chiqish rejalari haqidagi xabarlarni izohladi. Biroq u Moskva haqiqatan ham ishonchli kafolatlar tarafdori ekanini ta’kidladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp 18-avgust kuni Vashingtonda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, bir qator Yevropa mamlakatlari yetakchilari, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari uchrashuvning markaziy mavzularidan biri bo‘lganini ma’lum qildi.
Biroq xavfsizlik kafolatlari aynan qanday ko‘rinishda berilishi hozircha noma’lum. Yevropa davlatlari bu bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgan.
Izoh (0)