E’zozxon Karimova 31-iyul kuni prezident farmoni bilan maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Shu kuni uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangandi.

E’zozxon Karimova 2025-yil 7-maydan buyon maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimida ishlab kelayotgandi. U bunga qadar Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasida faoliyat yuritgan.
2021-yilda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bo‘limi boshlig‘i, 2021—2023-yillarda Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. 2023—2024-yillarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha prorektori vazifasida ish olib borgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 2022-yil dekabridan buyon rahbarlik qilib kelgan Hilola Umarova 2025-yil 14-iyul kuni Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Izoh (0)