Mamarizo Nurmurodov Markaziy bank raisi lavozimidan ozod etilishi kutilmoqda.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Shavkat Mirziyoyev tomonidan Senatga Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.
Mamarizo Nurmurodov 2017-yildan buyon Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
U 1960-yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1977-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirib, 1982-yilda Leningrad iqtisodiyot-moliya institutini tamomlagan. 1985—1988-yillarda Moskva Moliya instituti aspiranturasida tahsil olgan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi Mamarizo Nurmurodov 2000—2004-yillarda moliya vaziri bo‘lgan. 2004—2006-yillarda Samarqand hokimi lavozimida ishlagan. 2006—2017-yillarda Markaziy bank raisi maslahatchisi, 2017-yil iyunda Markaziy bank raisi lavozimiga tayinlangan. 2022-yil may oyida u navbatdagi muddatga Markaziy bank boshqaruvi raisi etib tayinlangandi.
Xabarlarga ko‘ra, uning o‘rniga boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Nodirbek Saydullayev tayinlanishi kutilmoqda. Nodirbek Saydullayev 2022-yil oktyabridan buyon Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. Undan avval “Asakabank” boshqaruv raisi lavozimida ishlagan.
Markaziy banki raisi – boshqaruv raisi Markaziy bank boshqaruvi faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi. Markaziy bank ijro apparati, Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati, Yuridik departamenti hamda Kredit qo‘mitasi faoliyatiga rahbarlik qiladi.
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Markaziy bank Senatga hisobdordir. Senat prezident taqdimiga ko‘ra Markaziy bank boshqaruvining raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi. Markaziy bank raisining vakolat muddati 5 yil. Markaziy bank raisi bo‘lmagan paytda uning vazifalarini o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.
Izoh (0)