Janubiy Koreyaning qo‘shma tergov guruhi prezident Yun Sok Yolni qamoqqa olish uchun sudga murojaat qildi. Bu uning harbiy holat e’lon qilishi bo‘yicha so‘roqqa chaqiruvlarni bir necha marta rad etgani va impichment natijasida vakolatlari to‘xtatilgani ortidan amalga oshirildi.
Janubiy Koreyaning korrupsiyaga qarshi kurashish idorasi, politsiya va mudofaa vazirligi vakillaridan iborat qo‘shma tergov guruhi Seul sudiga prezident Yun Sok Yolni hibsga olish uchun ariza berdi, deb xabar bermoqda “TASS”. Ariza 30-dekabr kuni, prezident uchinchi marta isyon ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqiruvni e’tiborsiz qoldirgach, topshirildi.
Avvalroq Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilgan edi. Biroq bu qaror oltita soatdan so‘ng bekor qilingan. Janubiy Koreya qonunlariga ko‘ra, davlatga xiyonat yoki isyon bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarda amaldagi prezidentga qarshi jinoiy ta’qib o‘tkazilishi mumkin.
14-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti Yun Sok Yolga impichment e’lon qilishga qaror qildi. Natijada uning prezidentlik vakolatlari vaqtincha to‘xtatildi. Endi prezidentning taqdirini Konstitutsiyaviy sud hal qiladi. Sud impichmentni tasdiqlash yoki uni lavozimga qaytarish huquqiga ega.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya parlamenti prezident vazifasini bajaruvchi va ayni paytda bosh vazir lavozimini egallab turgan Xan Dok Suga nisbatan ham impichment uchun ovoz bergan.
Hozirgi paytda moliya vaziri Choy Sang Mok vaqtinchalik prezident sifatida xizmat qilmoqda.
Izoh (0)