Aktrisa Sitora Farmonova “Milliy” telekanalining “Ayol qalbi” ko‘rsatuviga bergan intervyusida shov-shuvli to‘yi hamda turmush o‘rtog‘ini ommaga ko‘rsatmasligiga nima sabab bo‘layotgani haqida gapirdi.
— Turmush o‘rtog‘ingizni nima sababdan ommaga ko‘rsatmadingiz?
— Shu paytgacha turmush qurgan san’at vakilining xoh u ayol bo‘lsin, xoh erkak, umr yo‘ldoshini ijtimoiy tarmoqlarda nimalar deb muhokama qilishmayapti? Men turmush o‘rtog‘imni shunaqa hurmat qilaman, u inson meni baxtli qilyapti, meni kaftida ko‘tarib yuribdi. Meni turli fisq-u fasodlar, shou-biznes olami vakili bo‘lishimga qaramay, o‘zligimni sevib-ardoqlagan insonni heyterlarga xafa qildirib qo‘ygim kelmadi. Shuning uchun ularni ommaga ko‘rsatmadim. Boshida ularga aytdim, ijtimoiy tarmoqlarga qiz bazmimni qo‘yaman, lekin to‘yimizni qo‘ymayman, dedim. Ular menga “xohishingiz”, dedilar. Nikoh to‘yim Dubayda, judayam chiroyli tarzda o‘tkazildi.
Turmush o‘rtog‘im 5 yoshligida ular oilaviy Dubayga ko‘chib ketishgan, asosan, u yerda yashashadi. Qarindosh, aka-uka, opa-singillari hammasi uyoqda. Shuning uchun ham to‘yimiz aynan shu shaharda o‘tkazildi. To‘yim xuddi o‘zim xohlagandek, suv bo‘yida, orzumdagi dekoratsiyalar bilan bezatilgan holda o‘tkazildi. Ammo kelin salom va boshqa urf-odatlarimizni o‘z Vatanimda o‘tkazishni xohladim, buning gashti boshqacha.
Men hali hamon oilam bilan bog‘liq ma’lumotlarni oshkor etishni istamayman, ertaga nasib etsa, farzandli bo‘lsam, buni ham ommadan sir tutaman. Chunki oila muqaddas va u yerdagi sirlar faqat insonning o‘zigagina tegishli.
Oilamni ommaga hech qachon ko‘rsatmayman. Chunki men baxtli yashashni maqsad qilganman, ko‘z-ko‘z qilishni emas. Ko‘z, nazar degan narsalar bor. Nima bilan maqtansangiz, o‘sha narsangizdan ayrilasiz. Men oila degan muqaddas dargohga bir umr yashayman, deb qadam qo‘yganman.
— Kuyov bola bilan qanday tanishgansiz?
— Ular bilan oilaviy do‘st bo‘lganmiz, salom-aligimiz bo‘lgan, lekin u qadar yaqin munosabatda bo‘lmaganmiz. Sevishib yurish umuman bo‘lmagan. Ular meni zimdan kuzatib yurgan ekanlar. Menga ilk gapirgan gaplari: “Sizni aslingizni, qalbingizni sevdim, tashqi ko‘rinishingizni emas”, dedilar. Ular sevgi izhor qilmaganlar. Biz chet elda edik. Ular yonimga kelib, qahva ichaylik, dedilar. Restoranga kirsak hammayoq chiroyli qilib bezatilgan ekan. Shunda ham hech narsani tushunmadim. Balki restoranning dekori shunaqadir, deb o‘yladim. Ular kutilmaganda “Menga turmushga chiqasizmi?”, deb so‘radilar. Umuman kutmagan bo‘lsam ham, men rozilik bildirdim, chunki ularning qalblari go‘zal inson ekanliklarini bilardim. Keyin otamdan mening qo‘limni so‘radilar. Otam esa mendan qo‘rqqanlar. Qizim yo‘q, deb qolsachi, deb o‘ylaganlar. Keyin bular “Qizingizni rozi qildim”, deganlaridan so‘ng rozilik bildirganlar. Shu bilan to‘y muhokamasi boshlandi. “To‘y 12-noyabrda”, degan qaror qabul qilindi.
Aktrisa turmush o‘rtog‘ining sohasi unikidan tubdan farq qilishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
— Sohalari menikidan tubdan farq qiladi. Taniqli inson emaslar. Hozirda Toshkentda yashayapmiz. Men butun umr ota-onam bilan yashab, o‘rganib qolgan ekanman. Bir kunda 20 marta qo‘ng‘iroqlashamiz otam bilan, deydi aktrisa.
Izoh (0)