Turkiyada muxolifatdagi Antaliya, Adana va Adiyaman shaharlarining meri Muhittin Bo‘jek, Zeydan Karalar va Abdurrahmon Tutder korrupsiya ayblovi bilan hibsga olindi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Bo‘jek bilan birga uning o‘g‘li ham qamoqqa olingan. Adanada siyosatchilarning hibsga olinishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Ular Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda uning hukumatining iste’fosini talab qilgani aytilmoqda.
Sud tizimidan siyosiy o‘ch olish quroli sifatida foydalanadiganlar qonun haqida emas, balki o‘z hokimiyatini himoya qilish haqida qayg‘uradi. Biz xalq irodasiga zarba beradigan bu tizimga hech qachon bo‘ysunmaymiz, dedi Xalq demokratiyasi raisi Burxanettin Bulut.
Istanbul sobiq merining hibsga olinishi
Turkiyaning eng yirik muxolifat partiyasi vakillarini hibsga olish mart oyida Istanbul sobiq meri Akrom Imomo‘g‘li qo‘lga olinganidan keyin davom etmoqda, u shahar bosh prokuroriga nisbatan haqorat va tahdid qilishda ayblanmoqda. Ushbu ish bo‘yicha sobiq shahar hokimi yetti yil-u to‘rt oygacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning asosiy siyosiy raqibi hisoblangan Akrom Imomo‘g‘li poraxo‘rlik va jinoiy tashkilotga rahbarlik qilishda gumonlanib ushlandi, keyin esa hibsga olindi. Turkiyaning Anadolu davlat agentligi siyosatchiga nisbatan terrorchilik ishi bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qildi. Xususan, u Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanmoqda.
Izoh (0)