O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi 2020-yildagi 10,5 foizdan 2024-yil boshiga kelib 6,8 foizga tushdi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan, 2023-yilda 14 foiz va 2024-yil boshiga kelib 11 foizga tushdi.
O‘tgan 6 oyda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida 113 ming nafar ishsiz aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravar oshdi. Qo‘shimcha tarzda, 12 ta yangi kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda 30 dan ortiq kasb turlariga o‘qitilmoqda. Xorijiy tillarga o‘qitish 10 ming nafarga yetkazilib, o‘tgan yilga nisbatan besh baravarga oshirildi.
2024-yilning 6 oyida xorijda ishlash istagida bo‘lgan 64 ming nafar shaxs chet davlatlarga qonuniy, xavfsiz hamda uyushgan holda ishga yuborildi.
Mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan Davlat mehnat inspektorlari tomonidan 7720 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan bo‘lib, unda 21 436 ta qonun buzilish holati aniqlangan. Ushbu qonun buzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan 3 442 ta yozma ko‘rsatma, 90 ta taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, 4 335 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Shu yilning o‘tgan davrida 254 nafar noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodim ishga tiklangan hamda 7 349 nafar fuqaroning 31 milliard so‘mdan ortiq ish haqlari undirib berilgan.
Prezident mahallada “yettilik” hamfikr va hamjihat bo‘lsa, ishsizlik, jinoyat bo‘lmasligini aytgandi. Buning uchun ularda yetarli vakolat borligini, mutasaddi tashkilotlarni jalb etib, odamlarning daromad topishiga yordam berish kerakligini ta’kidlagandi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq, 2024-yilda kambag‘allik darajasini 10 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.
Izoh (0)