O‘zbekistonda BYD e2 Luxe elektromobili rasmiy ravishda 236,6 million so‘mdan (18 700 dollar) sotilishi maʼlum bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar faollari fikricha, bu narx bozordagidan sezilarli qimmat.
Joriy yil iyulida BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlari bilan Jizzaxda BYD Seagull va e2 modellarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
Kompaniya 9-avgust kuni BYD e2 Luxe elektrokarining rasmiy sotuv narxi 236,6 million so‘m ekanini eʼlon qildi. Avvalroq mazkur model narxi 242 million so‘mdan (19 300 dollar) boshlanishi haqida xabar tarqalgandi. Avtostrada nashriga ko‘ra, elektromobilning eng arzon versiyasi BYD e2 Comfort bo‘lib, uning Luxury komplektatsiyasi xususiy avtosalonlarda 200 million so‘mdan sotilmoqda. Bu taklif utilizatsiya, QQS, logistika va foydani o‘z ichiga oladi. Yaʼni rasmiy narx xususiy importnikidan 36,6 million so‘m qimmat. Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, Xitoyda ushbu modeldagi elektromobillar 12 200 dollardan sotilmoqda.
Korxona rahbari Shavqatbek Alimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida mamlakatda ishlab chiqarilgan BYD avtomobillari xususiy importnikidan arzon bo‘lishini aytgandi.
“BYD O‘zbekistonga kirib kelgandan beri avtomobil narxlari tushib bormoqda. Ushbu holat bundan keyin ham davom etadi. Aniq raqamlarini aytishim qiyin, lekin O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalarimiz chetdan olib kelib, sotilayotgan avtomobillardan arzon bo‘ladi”, degan kompaniya rahbari.
BYD e2 modelining kutilganidan qimmat narxda sotuvga chiqarilishi ijtimoiy tarmoqlar faollarida eʼtiroz uyg‘otdi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov narxni yuqori belgilanishi o‘zbekistonliklarga tanlovsizlik tovoni ekanini yozdi.
“Kutilganidek, Xitoyda 12 200 dollar turadigan, xususiy tadbirkorlarda (Luxury komplektatsiyasi) 15 600 dollardan sotilayotgan e2 (Comfort) uchun tanasi va cho‘ntagi bir ajdarhoni turli boshlari taklif etayotgan Onix’dan, Tracker’dan ham, Sonet’dan ham qimmatroq narx belgilangan. Yomon kutilmalar eng yomon variantda amalga oshdi. Hali bu boshlanishi xolos. Hozircha elektromobil olibsotar chayqovchilar ertaga ishlab chiqarish tamg‘asi ostida “yig‘ishni” boshlasa, chinovniklar orzu qilganidek, elektromobillar uchun notarif cheklovlarga qo‘shimcha yana bojlar ham kiritilsa, e2 narxi 2,5 yil avval xavotir olib yozganimizdek, 25 ming dollarga ham boradi”, deya fikr bildirgan iqtisodchi.
Sotuvga chiqayotgan BYD e2 modelining dasturiy taʼminoti rus tilida ekani aytilmoqda. Faollar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar o‘zbek tilida bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratdi.
“Ishonchim komil, O‘zbekistondagi 37 million aholini 70 foizdan ortig‘i rus tilini bilmaydi va bu tilda muloqot qilmaydi. O‘zbekistondagi yagona zavod mashinasi funksiyasida o‘zbek tili emas, rus tili asosiy o‘rinda bo‘lishi g‘alati emasmi? Shu mashinani sotib oladiganlar viloyat, tuman, qishloq, ovullarda ham istiqomat qilishadi va ularning rus tili bilan umumiyligi yo‘q”, deb yozgan bloger Laziz Hamidov.
Jurnalist Muhrim Aʼzamxo‘jayev fikriga ko‘ra, Xitoydan elektromobil olib kelib, sotayotganlar uchun texnik reglament o‘rnatilgan. Unga ko‘ra, import qilinayotgan mashinadagi multimedia tizimlari davlat (o‘zbek) tilida bo‘lishi shart.
“Mashinalarni qimmatroq sotish huquqiga ega “rasmiy” sotuvchi esa bu qoidalarga hozirdanoq tupuryapti, shekilli. Shuncha daxmazani ko‘rib, savol berasan-da: o‘zi shu “rasmiy” chayqovchilik, shu “mahalliy elektromobil ishlab chiqaruvchi” bizga kerakmidi? Shusiz yasholmasmidik? Hayotimizga shu elektromobil degan matoh kirib kelganidan keyingi 3-4 yil zavodsiz ham yomon yashamayotgandik-ku. Boz ustiga, Asakadagi avtozavod misolida achchiq tajribamiz bo‘lsa. Shu mavzu ochilganidan beri eng tuturiqsiz gapni ADM Jizzakh degan avtomobil yig‘uvchi kompaniyaning rahbari Doniyor Davletiyorov aytdi, shuni eslasam nuqul qonim qaynaydi. “Elektromobillarga boj yo‘qligi uchun hozir O‘zbekistonda sof elektromobil ishlab chiqarish hech qanaqasiga maqsadga muvofiq emas”, degandi u. Yaʼni boj bo‘lsagina O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarib foyda ko‘rish mumkin – o‘zbekistonliklarga o‘zi arzon elektromobilni qimmatroq sotish hisobiga. Tushunyapsizmi?
Baraka topgur, bojsiz ishlab chiqarsang mahsuloting o‘zini oqlamaydigan, xarajatini qoplay olmaydigan bo‘lsa, uni O‘zbekistonda ishlab chiqarib nima qilasan? Mahsuloti bojsiz ishlab chiqarilsa, o‘zini oqlamaydigan zavodni nega qurding bo‘lmasa? Qanday jinnilik, qanday uyatsizlik bu o‘zi? Undan ko‘ra sen ham boshqa xususiylarga o‘xshab, Xitoydan tashmachilik qilsang ko‘proq baraka topmasmiding? O‘zbekistonliklarni indamas sog‘in sigir deb o‘ylaydiganlarga insof bersin”, deb yozgan jurnalist.
Doniyor Davletiyorov fikrining davomi o‘laroq, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mamlakatga olib kirilayotgan elektromobillarga bojlarni gibrid avtomobillarniki bilan tenglashtirish kerakligini aytgandi. Bunga nisbatan bir necha iqtisodchilar eʼtiroz bildirib, ishlab chiqaruvchilarni bojlar orqali himoyalar katta xato ekani haqida yozdi. Xususan, iqtisodchi Behzod Hoshimov mazkur masalani tahlil qildi.
“Xohlagan ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab- quvvatlashsin. Faqat bojlar orqali emas – to‘g‘ridan to‘g‘ri byudjetdan pul berib, shunda shikast karrasiga kamroq bo‘lar edi. Albatta, xalq pulidan ayrim ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlamaslik eng ideal yo‘l. Lekin buning iloji bo‘lmasa, qo‘llab-quvvatlamasak bo‘lmaydi deb o‘ylashsa – unda to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ berish iqtisodiyotimizga ancha arzonga tushadi”, deya qayd etgan professor.
BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi 2022-yil 29-dekabrda “O‘zavtosanoat” AJ va Niderlandiyaning BYD Europe B.V. kompaniyalari hamkorligida tuzilgan. Joriy yil mart oyida kompaniya O‘zbekiston hukumatidan elektromobillarning tartibsiz importini cheklashni so‘ragandi. O‘shanda jamoatchilik faollari importni cheklash raqobat yo‘qolishiga olib kelishidan xavotir bildirgan.
Ayrim iqtisodchilar fikricha, O‘zbekistonda yangi avtomobil zavodlari ochilishi avtomashinalar narxi pasayishiga olib kelmaydi. Masalan, Mirkomil Xolboyev bunday holat aksincha – avtomobillar narxi oshishiga sabab bo‘lishi haqida yozgan.
“Avtomobil ishlab chiqarishda ichki bozorga yangi ishlab chiqaruvchilar qancha ko‘p kirib kelmasin, bu ichki bozordagi vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirmaydi (narxga salbiy taʼsir qilish ehtimoli katta). Bundan tashqari, yangi kirib kelayotgan ishlab chiqaruvchilar import bojlari pasaytirilishini ortga surish ehtimoli yuqori. Chunki yangi ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarishni aynan mamlakatimizda tashkil qilayotganliklari uchun hukumatdan turli imtiyozlar so‘rashining ehtimoli yuqori (bojlarni yuqori ushlab turish kabi), deya mulohaza qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining joriy yil martdagi qarorida BYD Uzbekistan Factory korxonasiga dastlabki bosqichida (2024-yil davomida) elektromobil va gibrid avtomobillari ishlab chiqarish quvvatini 50 ming donaga yetkazish belgilangan. Keyingi bosqichlarda mazkur ko‘rsatkichni yiliga 500 ming donagacha yetkazish yuklatilgan. Loyiha doirasida elektromobil va gibridlar ishlab chiqarishning mahalliylashtirish darajasini 60 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)