“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov “Daryo.uz” muxbiri savollariga javob berdi.
– Alisher Keldiyevich, sanoqli kunlardan so‘ng mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligi keng nishonlanadi. Shundan kelib chiqib, suhbatimiz avvalida aynan mustaqillik yillarida partiyaning g‘oya va maqsadlarini amalga oshirish, uning faoliyatini sifatli tashkil etish borasida asosiy eʼtibor qaratilgan jihatlar haqidagi maʼlumotlar bilan o‘rtoqlashsangiz…
– Avvalo, butun xalqimizni, saylovchilarni, shuningdek, partiyamiz elektoratini Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklayman. Yaxshi bilasiz, ushbu eng muhim bayramimiz “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Bu borada aytishim mumkinki, mustaqillik bergan imkoniyatlar, Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek buyuk maqsad, shubhasiz, barchamizni birlashtirmoqda. Umuman, biz turli siyosiy partiyalarga mansub bo‘lishimiz, turli g‘oya va qarashlar tarafdori bo‘lishimiz mumkin. Biroq butun O‘zbekiston xalqining maqsadi yagona – barchamizni Vatan, el-yurt manfaati birlashtiradi. Ayni shu jihatdan mustaqillik shiori ham partiyamizning g‘oya va maqsadlari bilan hamohang ekanligini ko‘rish mumkin.
Albatta, mustaqillik yillari davomida, ayniqsa, so‘nggi 7-8-yil ichida mamlakatimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bu borada milliy qadriyatlarimizni avaylab asrash, o‘zbek tilining nufuzini oshirish, yoshlar taʼlimi va tarbiyasini yaxshilash borasidagi natijador harakatlarni alohida taʼkidlagan bo‘lar edim. Bu jarayonlarda esa partiyamiz o‘zining g‘oya va maqsadlaridan kelib chiqqan holda xalqimiz manfaatlari yo‘lida doimo yangi tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Xususan, taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, pedagoglar maqomini oshirish, yoshlar taʼlimini sifat jihatdan yaxshilash, tarbiya masalasiga alohida ahamiyat berish, milliy qadriyatlar, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va boshqa muhim yo‘nalishlarda olib borilgan islohotlarni alohida taʼkidlash mumkin. Umuman olganda, bundan keyin ham mustaqilligimiz bergan huquq va imkoniyatlar asosida, milliy anʼana va qadriyatlar, partiya g‘oyalariga tayangan holda xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, davlat va jamiyat hayotini takomillashtirish partiya faoliyatining ustuvor vazifalari bo‘lib qoladi.
– “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining asosiy maqsad va vazifalari haqida qisqacha maʼlumot berib o‘tsangiz?
– Asosiy maqsad va vazifalarimiz xalqimizning milliy qadriyatlari, azaliy urf-odat va anʼanalarini saqlash, maʼnaviy va madaniy merosimizni asrash va ularni keng targ‘ib etish, shuningdek, har bir vatandoshimiz ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga hissa qo‘shishdir. Bunga erishish uchun esa tarbiya va taʼlim bizga asos bo‘lishi kerak. Xabaringiz bor, shu kungacha partiyamizning asosiy elektorati bo‘lmish taʼlim, madaniyat sohalari vakillari, bir so‘z bilan aytganda, ziyolilar qatlami manfaatini parlament hamda mahalliy Kengashlarda samarali ifodalab kelmoqda.
Yaxshi bilasiz, partiyamiz mo‘tadil o‘nglar partiyasi hisoblanadi. Shu jihatdan, biz qadriyatlar, anʼana, urf-odat va maʼnaviyatga nisbatan munosabatda konservativmiz. Lekin shu bilan birga, milliy qadriyatlarimizga zid bo‘lmagan, zamonaviy, istiqbolli g‘oya va tashabbuslar tarafdori sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqdamiz.
– So‘nggi parlament sayloviga ham to‘rt yarim yildan oshdi. Demak, qaysidir maʼnoda partiya faoliyatini sarhisob qilsa bo‘ladi. Shu maʼnoda, partiyaning o‘tgan faoliyatini, hududiy tashkilotlar, deputatlar faoliyatini qanday baholaysiz, undan ko‘nglingiz to‘ldimi?
– Albatta, faoliyatimizga xolis va haqqoniy bahoni saylovchi, yaʼni xalqimiz beradi. Bugun biz xalqni rozi qilish, kelajakda emas, odamlarga aynan bugun qulay sharoitlar yaratish Yangi O‘zbekistonning bosh talabiga aylangan kunlarda yashayapmiz. Bu juda uzoqni ko‘zlagan yo‘l boshida turganimizni anglatadi. Alohida taʼkidlashni istardimki, barcha partiyadoshlarimiz shu maqsad yo‘lida ishlayapti va saʼy-harakatlarimiz natijasida bugun mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuchlardan birga aylandik.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 36 nafar deputatimiz bor, biz ikkinchi katta fraksiyamiz. Fraksiyamiz 2020-2024-yillarda jami 40 ta, birgina o‘tgan yilda esa 6 ta qonun loyihasiga tashabbuskor bo‘ldi. 72 marotaba Parlament nazorati tadbirlari, xususan, 26 marotaba “Hukumat soati”, 30 marotaba “Parlament eshituvi” o‘tkazilgan, 16 marotaba “Parlament so‘rovi”, mutasaddilar va tuzilma rahbarlariga 16 ta deputat so‘rovi yuborildi. 180 ga yaqin takliflarimiz qonunlarni ishlab chiqish va takomillashtirishda inobatga olindi.
2020-2024-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturimizda belgilangan vazifalarning 98 foizi bajarilganini aytishim mumkin.
Yoshlar masalasi biz uchun doimo muhim bo‘lib kelgan. Partiyaning 2020-2024-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Sirdaryo viloyatining Baxt shahrida joylashgan Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini nazorat va tahlil nuqtayi nazaridan puxta o‘rgandik. O‘rganishlar bejiz ketmadi. Uning natijalari bo‘yicha ushbu muassasalar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, bolalarning ruhiy-maʼnaviy dunyosi va madaniy saviyasini o‘stirib borish, ularning milliy va jahon musiqa madaniyatining eng yaxshi asarlari bilan oshno bo‘lishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Bolalar musiqa va sanʼat maktablarini doimiy ravishda o‘rganyapmiz.
Shuningdek, fraksiya tashabbusi bilan partiyaning maqsad va g‘oyalariga mos kelmaganligi uchun 11 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasining masʼul qo‘mitalariga qayta ishlash uchun qaytarilgan. Bularning barchasi joylardagi, tizimdagi o‘rganishlar natijasidir.
Shu bilan birga, aksariyat hududiy kengashlarimiz faoliyati avvalgi yillarga qaraganda samarali bo‘ldi. Bu, ayniqsa, deputatlarimiz faoliyatiga taalluqli. Hududlardagi 300 nafardan ortiq deputatlarimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish islohotlarida faol ishtirok etmoqda. Masalan, o‘tgan yili deputatlarimiz tomonidan joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid bo‘lgan 464 ta masala-taklif sessiyalar kun tartibiga kiritildi, 810 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishlariga olib chiqildi. 1060 nafar mansabdor shaxslarning hisobotlari tinglandi. Tashkilotlar va mutasaddilarga 4149 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. So‘rovlarning 87 foizi ijobiy hal etildi, qolganlarining ijrosi qatʼiy nazoratga olingan.
– Partiyaning eng muhim qanoti – yoshlar va ayollar faoliyati, partiyaviy loyihalar ijrosi qanday kechyapti?
– “Yoshlar qanoti”ida ilk bor “Ko‘mak” ko‘ngilli-targ‘ibot guruhlari shakllantirildi. “Yosh siyosatchilar klubi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Partiyada oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish anʼanaga aylandi. Markaziy kengash tomonidan yoshlar murojaatini qabul qilish maqsadida @MTYoshlarmurojaatiBot ishga tushirildi. “Ayollar qanoti” qoshida “Deputat ayollar klubi” tashkil etildi. Natijada ular ko‘magida joylarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 13 882 ta aholi xonadonlari o‘rganildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 11 046 nafar xotin-qizlarning muammolari ijobiy hal etildi. Shuningdek, “Ayol va siyosat” ruknida “Siyosatga marhamat!” mahorat darslarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Ayollarga huquqiy maslahat berishga qaratilgan AdinaxonYurist_Bot ishga tushirildi. Natijada partiya Markaziy kengashiga 41 709 ta fuqaro murojaati kelib tushgan bo‘lsa, ularning 28 511 tasi ijobiy hal etildi. 13 158 tasiga tegishli tushuntirish va javob xatlari berildi.
Bundan tashqari, “Xizmat-beminnat” loyihasi – fanlardan o‘zlashtirishi past va kam taʼminlangan oilalar farzandlariga qo‘shimcha bepul taʼlim berish, yoshlar va xotin-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida Respublika bo‘yicha 5 523 ta o‘quv kurslari tashkil qilinib (umumtaʼlim fanlar, turli xil kasb-hunar, tadbirkorlik, kasanachilik hamda sport yo‘nalishlarida), 11 518 nafardan ortiq xotin-qizlar va 15 477 nafar yoshlarga qo‘shimcha bepul taʼlim berildi, qo‘shimcha kasb-hunarga o‘rgatildi. Loyiha doirasida taʼlim olgan yoshlar, 500 nafardan ortiq loyiha qatnashchilari oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi.
Shuningdek, “Uyma-uy” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. U har bir mahalla aholisining, ayniqsa, uyushmagan, aniq bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ishlamaydigan va chet elga chiqib ketgan yoshlar hamda xotin-qizlarning xonadonlariga borib, ularning muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan. Loyiha doirasida hududlar kesimida 120 363 ta xonadonga borildi, 13 092 nafar yoshlar qamrab olindi, 13 721 nafar yoshlar, 7 857 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. 5936 nafar yoshlar va xotin-qizlarga kredit ajratilishida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. 6 758 nafar yoshlar va 10 146 nafar xotin-qizlarning sog‘lig‘ini tiklash yuzasidan amaliy yordam berildi. 3 942 nafar ayollarga uy-joy va yer-mulk bilan bog‘liq masalalarida ko‘maklashildi, 324 nafar yoshlar huquqiy maslahatlar olishdi.
Albatta, natijalar haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo barcha partiyadoshlarimiz qayerda va qanday vazifada ishlashmasin doim yurtdoshlarimiz oldida masʼuliyat hissi bilan yashamoqdalar.
– Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga start berildi. Aytingchi, “Milliy tiklanish” ana shu muhim tadbirga qay darajada tayyor?
– Partiya shunday institutki, u, asosan, saylovlar orqali o‘zining g‘oyalari hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish darajasi va holatini aniqlab boradi. Shuningdek, saylovlar partiyaning jamoatchilik tomonidan qanchalik eʼtirof etilayotgani, amalga oshirilayotgan ishlardan xabardorligi va qo‘llab-quvvatlanish darajasini bilib borish uchun ham nihoyatda ahamiyatlidir. Shu maʼnoda, saylovga tayyor bo‘lmagan har qanday partiya zaif partiya sanaladi. Saylov orqali partiya o‘z elektoratiga murojaat qilishi, g‘oyalarini tushuntirishi hamda ana shu g‘oyalar orqali qo‘llab-quvvatlanib, parlament va mahalliy kengashlardagi o‘rnini mustahkamlab borishi kerak. Biz o‘tgan saylovlardan keyin aynan shu masalalarga alohida eʼtibor qaratdik.
Ishonamanki, biz bu saylovlarga milliy taraqqiyotimizning beqiyos ahamiyatini, dunyodagi notinch holat, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib borayotgan bir paytda milliy birdamlik, birlik va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashning tarixiy zaruratini anglagan saylovchilar bilan kirib kelyapmiz.
– “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bir necha yillardan beri saylov tizimi bo‘yicha o‘z tashabbuslarini ilgari surib kelayotgandi. Nihoyat, bu amalga oshdi. Birinchi marta biz aralash saylov tizimiga o‘tayapmiz. Sizningcha, bundan kim yutadi – siyosiy partiyalarmi yoki saylovchilar?
– Proporsional saylov tizimining milliy saylov tizimida ustuvor bo‘lishiga doir takliflarimiz bejiz emas edi. Xo‘sh, nima uchun O‘zbekistonning saylov tizimi to‘la proporsional bo‘lishi kerakligi haqidagi taklifini ilgari surgandik?
Bilamizki, bugungi saylovchi o‘z deputatiga asosan maishiy, huquqiy muammolarini yechib berish borasida murojaat qilyapti. Ammo tan olaylik, bugungi deputat ayrimlar taʼkidlayotganidek, cheksiz vakolatlarga ega emas. U faqat qonunchilik va ayrim nazorat vakolatlariga ega shaxs. Saylovchilarning muammolarini esa mahalliy hokimliklar bilan muhokama qila oladi. Lekin muammoni yakka o‘zi hal qilolmaydi. Shu sababli ham saylovchi va deputat o‘rtasidagi ishonchsizlikka asosan majoritar saylov tizimi sababdir, deb hisoblayman. Chunki amaldagi saylov tizimida deputat saylovchi oldiga chiqib, “menga ovoz beringlar, parlamentdagi vakillaringga aylansam, manfaatlaringni himoya qilaman”, deb vaʼda beradi. Lekin amaldagi parlament tizimi deputatga o‘zini namoyon qilishi va bunday vaʼdalarning uddasidan chiqishiga imkon bermaydi. Chunki, qabul qilingan qarorlar taqdiri ijro hokimiyati faoliyati bilan bog‘liqdir. Proporsional saylov tizimida deputat emas, partiya vaʼda beradi va saylovchi manfaatini turli idoralarda, eng muhimi, parlament va fraksiyaning kuchi bilan himoya qiladi. Shundan kelib chiqib, biz proporsional saylov tizimiga o‘tishni taklif qilgandik va aralash saylov tizimiga o‘tilganini partiyaning muvaffaqiyatlaridan biri bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Bu tizimning yana bir qulayligi shundaki, aynan proporsional saylov tizimida partiya o‘z vakillarini deputatlikka nomzod sifatida kiritadi va saylov yakunlariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiya ularni eʼtirof etadi. Partiya nomzod ko‘rsatganidan keyin deputatga ham talab qo‘yish imkoniga ega bo‘ladi. Shu kungacha esa partiya imkoniyatlari chegaralangan edi. Bir narsani unutmasligimiz kerak: parlament bu xalq uyi, unda xalq vakillari o‘zi ovoz bergan deputati oldiga “qonunlar bizga xizmat qilsin, mamlakatimiz taraqqiyoti farovonligimizni oshirsin” qabilidagi masalalarni qo‘yadi. Endi tasavvur qiling, parlamentda har bir deputat o‘zining bevosita daxlsizlik huquqi hamda deputatlik vakolatlaridan foydalanib, g‘oyalarini ilgari sura boshlasa, o‘zi to‘g‘ri deb bilgan masalalarni himoya qilsa, alohida instrument yaratib, o‘z saylovchilari bilan ishlay boshlasa, unda parlamentdagi partiyaviy g‘oya va maqsadlar nima bo‘ladi? Bunday tarqoqlik nafaqat parlamentni, balki jamiyatni ham tarqoqlikka olib kelishi mumkin va ishonchim komilki, tafakkurga ega saylovchi buni sira xohlamaydi. Shu sababli ham proporsional saylov tizimi orqali saylangan deputatlar partiya oldidagi mas’uliyat bilan birgalikda, saylovchilar oldidagi masʼuliyatni ham his qiladi va bu, shubhasiz, jamoaviy, taʼsirchan hamda samarali harakatga olib keladi.
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga munosabatingiz va bu dastur partiyangiz uchun qanchalik muhim?
– Albatta, bu hujjat mamlakatimizning 2030-yilga qadar bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarini, barcha sohalardagi rejalarni belgilab beradigan muhim dastur hisoblanadi. Yaʼni ushbu muhim hujjat millatning ertasi, kelajakka mo‘ljallangan poydevori, asosi bo‘lib, zamonaviy yondashuvlar bilan birga milliy anʼana va qadriyatlarimizni ham o‘zida mujassam etgan, partiyamizning g‘oya va maqsadlariga hamohang vazifalar belgilangan, o‘zida partiyadoshlarimizning qator taklif va istaklarini aks ettirgan dasturulamal hujjat sifatida faoliyatimizda muhim o‘rin egallaydi.
Partiya O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qudratli, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida so‘nggi yetti yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasini eʼtirof etgan holda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
– “Milliy tiklanish” bu yilgi saylovoldi dasturida ilgari surayotgan “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiorini iqtisodiyot bilan qanday bog‘lash mumkin?
– Ko‘rib turganingizdek, dunyo o‘zgaryapti, maʼnaviy-axloqiy tanazzul borgan sari kuchaymoqda. Shu maʼnoda, butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonida barcha mamlakatlar davlatchilik anʼanalarini o‘zlarining qadriyatlariga tayangan holda davom ettirishga harakat qilmoqda. Ayni shu jihatdan, konservativ partiya sifatida biz ham o‘zimizning g‘oya va maqsadlarimizni shu yo‘nalishda rivojlantirayapmiz. Har bir xalqning, elning o‘ziga xos qadriyati — tili, dini, adabiyoti, madaniyati, sanʼati, anʼana-yu urf-odatlari bor. Shu nuqtayi nazardan, tarixiy-madaniy merosimizni asrash, anʼanalarimizni saqlash va rivojlantirish bilan birga iqtisodiy sohani ravnaq toptirishga ham aynan milliy qadriyatlar orqali kurashsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan faqat yutamiz. O‘z o‘rnida zamon bilan hamnafas rivojlanishga, zamonaviylikka ham tayyormiz. Faqat bu milliy qadriyat va anʼanalarimiz va partiyamizning boshqa fundamental g‘oyalariga ham mos bo‘lishi kerak.
Misol uchun, dasturimizda “Xalqparvar tadbirkorlar” g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bilamizki, xalqimiz azaldan o‘zining saxovatpeshaligi bilan ajralib turadi. Hozir ham oramizda shunday ishlarni amalga oshirayotganlar ko‘p. Biz bu boradagi ishlarni targ‘ib qilish, shunday insonlarni maʼnaviy rag‘batlantirish kerak, deb hisoblaymiz. Bu iqtisodimizga, iqtisodiy taraqqiyotimizga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
– Partiyaning yangi saylovoldi dasturi loyihasida qaysi masalalarga ustuvorlik berilmoqda?
– Yana takrorlasam o‘rinsiz bo‘lmaydi: biz uchun eng ustuvor masala – bu tarbiya. Yangi dasturimizda ham ana shu g‘oyadan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tarbiya va taʼlim, yaʼni maktabgacha va maktab taʼlimiga ustuvorlik berilmoqda. Bu borada bog‘cha va maktablarga tarbiyachi va o‘qituvchilarni konkurs asosida ishga qabul qilish tartibini joriy etish, “Yangi avlod pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish tashabbuslarini ilgari suryapmiz.
Bundan tashqari, milliy madaniyat va maʼnaviyatni rivojlantirish, qadriyatlarni saqlash, oilani mustahkamlash, ayollar, yoshlarga munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ham muhim taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu borada esa oilaviy ajrimlar uchun davlat bojini oshirish, oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha sudyalarni ixtisoslashtirish ishlarini davom ettirish kabi tashabbuslarni aytib o‘tish mumkin.
Shu bilan birga, biz uchun sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish eng muhim vazifa hisoblanadi. Sog‘lom va barkamol avlod qanday shakllanadi? Albatta, iqtisodiy jihatdan yetuk va maʼnan tarbiyalangan shaxslar orqali. Bu borada to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, isteʼmol tovarlarining tarkibi, sifati va narxi mutanosibligini taʼminlash muhim sanaladi.
Shundan kelib chiqib, o‘z saylovoldi dasturimizda “O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish milliy Konsepsiyasi”ni qabul qilish, tarkibida “GMO” bo‘lmagan mahsulotlarni ommalashtirish bilan bog‘liq takliflarni ilgari suryapmiz.
– Bugungi kunda “Milliy tiklanish”ning hukumat bilan munosabati qanday?
– Biz har doim o‘z g‘oya va takliflarimizni hukumatga yetkazib kelganmiz va bu harakatlar bugun ham davom etyapti. Bu o‘zaro hamkorlikka, ayniqsa, saylovchilarimiz manfaatiga xizmat qilayotir.
To‘g‘ri, partiyaning ayrim qarashlari hukumat bilan bir chiziqda kesishmayotgan nuqtalar ham bor. Masalan, taʼlim yo‘nalishi. Tarbiya va taʼlim islohotlarning eng ustuvor masalasi sifatida qabul qilingani holda keragicha mablag‘ ajratilayotgan bo‘lsa-da, vazirlik bu borada yetarlicha ishlar qilyapti, deb bo‘lmaydi. Bu fikrga bog‘cha va maktablardagi o‘zgarishlar nihoyatda sust yoki depsinish holatida kechayotgani ham misol bo‘lishi mumkin.
To‘g‘ri, masʼullar tarbiya va taʼlimda natija ko‘rinishi uchun vaqt kerakligini aytishmoqda. Lekin vaqti kelib natijalar ko‘rinishi uchun bugun tizimli ishlar olib borilishi kerak. Masalan, bog‘chalarimizdagi 126 ming tarbiyachining 48 mingi oliy maʼlumotli, xolos. Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin, yaʼni tarbiyaning hal qiluvchi bosqichi kimlarning qo‘lida?
Yigirma yil ishlab, malaka topmagan yoki qo‘lida diplomi bilan sohada adashib yurganini juda yaxshi biladigan, boshqa ish chiqqunicha bog‘cha yoki maktabda kun sanab yurganlarning malakasini oshirish uchun pul sarflashdan maʼno bormi?
Tarbiyachi ham, o‘qituvchi ham ish o‘rnini yo‘qotmasligi uchun o‘z ustida ishlashi, ish beruvchi oldida o‘zining malakali kadr ekanini isbotlashi kerak. Bu xarajatlarni kamaytirish, maoshlarni jozibali qilish uchun qo‘shimcha manba yaratadi, tarbiyachi va o‘qituvchilarni raqobatbardosh qiladi, pirovardida esa tarbiya va taʼlim sifatini oshiradi.
Yuqoridagi fikrlaringizdan kelib chiqsak, hukumat tizimida faoliyat yuritayotgan qaysi vazirlik yoki idoraning faoliyatida kamchiliklar bor, deb hisoblaysiz va kamchiliklar qaysi masalalarga taalluqli?
– Yuqoridagi fikrimni davom ettirish asnosida o‘qituvchi-pedagoglarni ishga qabul qilish masalasi bugungi kungacha o‘zining munosib yechimini topmaganini taʼkidlashni istar edim. Avvalo, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu masalaga eʼtibor qaratishi lozim edi. Taʼlim-tarbiya sifati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan munosib pedagog kadrlarni ishga olish, bu bo‘yicha shaffof tizimlarni yaratish dolzarb masala hisoblanadi. Umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalarida o‘qituvchi-pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilishga asoslangan shaffof tizim joriy etilmaganligi o‘z-o‘zidan taʼlim sifatiga taʼsir qiladi.
Mana bugungi kunda adliya tizimida munosib kadrlarni ishga qabul qilish, bu bo‘yicha zamonaviy AKT, elektron platformalarni joriy etgan holda shaffof ishga qabul qilish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Nima uchun tegishli masʼullar bevosita hammamiz uchun muhim bo‘lgan taʼlim-tarbiya tizimida bu jihatlarga yetarli darajada eʼtibor qaratmayapti. Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi kechikmoqda.
O‘z Saylovoldi dasturimizda bu masalaga alohida eʼtibor qaratgan holda bog‘cha va maktablarga tarbiyachi va o‘qituvchilarni ishga qabul qilish masalalarini tartibga solishga qaratilgan o‘z tashabbuslarimizni ilgari suryapmiz.
O‘zbek tili masalasi ham bevosita biz uchun juda muhim sanaladi. Lekin davlat tili maqomi masalasida hokimliklar faoliyatida ham kamchiliklar uchrayapti. Bu borada tashqi reklama va yozuvlar, eʼlon va peshlavhalarni joylashtirishda davlat tiliga oid qonunchilik talablariga rioya qilinmayotganligini aytish kerak.
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 35-yildan oshdi, lekin nafaqat Toshkent, balki eng chekka hududlarda ham tashqi reklama va yozuvlar, eʼlon va peshlavhalar davlat tilida yozilmaganiga ko‘zingiz tushadi. OAV, ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda qanchalik ko‘p yozilmasin, gapirilmasin o‘zgarishlar bo‘lishi qiyin kechyapti.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari davlat tili bilan bog‘liq amaldagi normalar ijrosiga yetarlicha eʼtibor qaratmayapti. Vaholanki, qonunchiligimizda bu boradagi tartib-qoidalarni buzganlarga nisbatan javobgarlik aniq-ravshan belgilab qo‘yilgan.
Shundan kelib chiqib, yuqoridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida o‘z Saylovoldi dasturimizda tashqi yozuvlarni tartibga solishga qaratilgan “Tashqi yozuvlar to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish, “Davlat tili haqida”gi Qonunni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, davlat tilida ish yuritmagan rahbarlarga keskin choralar ko‘rish kabi tashabbuslarni ham ilgari suryapmiz.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, milliy seriallar, tarixiy filmlar yaratish bilan bog‘liq masalalarda Madaniyat vazirligi faoliyati ham qoniqtirmayotganligini ochiq aytishimiz kerak. Ishlab chiqarilayotgan kino mahsulotlarining mafkuraviy-badiiy darajasi juda past, ssenariynavislik, rejissyorlik va aktyorlik mahoratlari yetarli darajada emas. Yoshlar uchun maʼnaviy namuna bo‘lib xizmat qiladigan tarixiy shaxslar va zamonamiz qahramonlar obrazlari yaratilmagan desak ham xato bo‘lmaydi. Xalqimizning shonli tarixi, buyuk ajdodlarimiz, sarkardalarimiz hayotini aks ettiruvchi badiiy filmlar yetarli emas.
Maʼlumki, kinoning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati juda katta. Kino inson tafakkurini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Uning boy mazmuni esa aholining bilimdonlik darajasiga bevosita taʼsir ko‘rsatadi. Eʼtibor beradigan bo‘lsak, o‘zbek ekranlarida xorijiy tarixiy kinolar, maishiy mavzudagi mahalliy seriallar ko‘paygan. Milliy kontentning yetarli yoki saviyali emasligi bu boradagi bo‘shliqni maʼnaviyatimizga, qadriyatlarimizga zid bo‘lgan mavzulardagi xorij filmlari egallashiga olib keladi.
Toshkent shahrida bugungi kunda 30 dan ortiq yirik kinoteatrlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Kinoteatrlarda har kuni 40 ga yaqin xorijiy kino va multfilmlar namoyish etiladi.
Ammo, ushbu filmlarning aksariyati xorijiy tillardagi tarjima asosida namoyish etilmoqda. Kinoteatrlarda o‘rnatilgan reklamalar ham davlat tilida emas. Ona tilimiz va milliy madaniyatimizni yuksaltirishga masʼul bo‘lgan vazirlik esa, bugungi kunga qadar ushbu muammoga eʼtibor qaratgani yo‘q.
Shunday ekan, kinoteatrlarda xorijiy kinofilmlarni o‘zbek tilidagi tarjima orqali namoyish etish bo‘yicha aniq talab belgilash, bu borada Madaniyat vazirligining tashabbuskorligini oshirish kerak.
Partiyamiz mazkur muammolarga ham eʼtibor qaratgani holda o‘zbek tilidagi maʼlumotlar bazasini kengaytirish, har yili xorijiy tildagi mingta ilmiy adabiyotni davlat tiliga tarjima qilish, shuningdek, yuqorida sanalgan muammolar yechimiga qaratilgan boshqa qator takliflarni ilgari suryapmiz.
Agar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovdan keyin har qanday qonunni qabul qilish darajasida deputatlik o‘rinlarini egallasa, birinchi navbatda qanday qonunni qabul qilgan bo‘lar edi?
– Fikrimcha, bu “Taʼlim to‘g‘risida”gi hamda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunlar bo‘lardi.
– Saylovda “Milliy tiklanish” g‘olib bo‘lishiga ishonasizmi?
– Ishonmasak saylovga kirishmagan bo‘lardik.
– Qiyin paytlarda kimdan maslahat so‘raysiz?
— Tajribali insonlardan, albatta.
Izoh (14)
Partiyalar yillar davomida xalqni eshitib oʻrganib ularni muammolariga yechim topmoqdayordam bermoqda, biz bir xalq boʻlishimiz kerak, men shaxsan Alisher Qodirovni oʻz partiyasiga ega yaxshi siyosatchi deb hisoblab kelganman va shunday qoladi, Milliy tiklanish partiyasiga omad
Milliy tiklanishning gʻoyalari jamiyatimiz manfatlari uchun boyitilgan. Men bu partiyani hardoim qoʻlab-quvvatlayman.
“Хизмат-беминнат” лойиҳаси биз ёшларни мустақил ҳаётга тайёрлайди.
Bunday takliflar yangi avlod mamlakatni zamonaviy usullar, munosabat va qadriyatlar asosida boshqarishiga zamin hozirlaydi.
“Ko‘mak” ko‘ngilli-targ‘ibot guruhlari, “Yosh siyosatchilar klubi” O‘zbekistonda endigina kurtak yozayotgan demokratik qadriyatlarning shakllantirilishi yoshlarning faolligiga muhim.
"Миллий тикланиш" партиясининг жуда кўп ғоя ва таклифлари чиндан халқимиз ва Ўзбекистон жамиятининг бугунги кунда долзарб бўлган масалаларга ҳамоҳангдир. Масалан, Алишер Қодиров айтган "Таълим тўғрисида"ги қонунни янги таҳриррда қабул қилинишига тарафдорман. "Миллий тикланиш" партиясига сайловларда юксак натижаларни эришишни тилайман...
Алишер Қодиров жони бор дадил депутатлардан сайловларда бу акани партияси прогнозим бўйича яхши ўринларни эгаллайди омад
Алишер Қодиров парламент сайловларида ғалаба қозонишига ишончимиз комил
Миллий тикланиш партиясининг, миллий қадриятларимизни авайлаб асраш, ўзбек тилининг нуфузини ошириш, ёшлар таълими ва тарбиясини яхшилаш борасидаги самарали, натижадор таклифларини алоҳида қайд этиб ўиш лозим. Бу албатта, мамлакатмиздаги 55 фоиздан ортиқ ёшларимизни тўла қўллаб - қувватлашдан далолат беради.
партиялар халқни йиллар мобайнида қийнаб келган муаммоли масалаларни олиб чиқиб, ечим топмоқда, прописка ва ҳоказо
Men ham "Milliy tiklanish" partiyasini qo'llab quvvatlayman. Alisher Qodir ko'tarib chiqadigan masalalar doimo dolzarb bo'lgan.
Atrofimizdagi voqealarni ko'rib amin bo'ldimki biz birlashib bir xalq bo'lishimiz kerak!!!
Milliy Tiklanish partiyasiga omad! Alisher Qodirov har doim o'z pazitsiyasiga ega siyosatchi bo'lib kelgan va faol bo'lgan har doim.
Yo‘o‘o‘q kerakmas