Bangladesh hukumati AQSH prezidenti Donald Trampni mamlakat uchun bojxona to‘lovlarini pasaytirishga ishontirish maqsadida Amerika Boeing korporatsiyasidan 25 ta samolyot xarid qilishni taklif etdi. Bu haqda Bangladesh savdo vaziri Mahbubur Rahmon ma’lum qildi.

Vazir 29-31-iyul kunlari AQSH savdo vakili mansabdorlari bilan uchrashuvchi delegatsiya tarkibida ikki tomonlama muzokaralarda ishtirok etadi. Muzokaralar bojxona to‘lovlarining yangi tizimi 1-avgustda kuchga kirishidan bir necha kun oldin o‘tkaziladi.
“Biz bajarishimiz mumkin bo‘lgan majburiyatlarni zimmamizga oldik. Boeing xaridi ushbu paketning bir qismidir. Agar ular bizning taklifimizni boshqalarniki bilan taqqoslasa, biz manfaatliroq kelishuvga erishishimiz kerak”, dedi vazir Vashingtonga jo‘nash oldidan bergan intervyusida.
Iyul boshida Tramp 1-avgustdan boshlab Amerika bozoriga kiyim-kechak yetkazib beruvchi asosiy davlat — Bangladesh tovarlariga 35 foizlik boj joriy etishini e’lon qilgandi. Janubiy Osiyo mamlakati endi o‘z stavkasini AQSHning mintaqadagi boshqa savdo hamkorlari darajasiga — Vyetnam uchun 20 foiz, Indoneziya va Filippin uchun 19 foizga tushirishga intilmoqda.
O‘tgan hafta Dakka amerikalik bug‘doy ishlab chiqaruvchilar bilan besh yil davomida har yili 700 ming tonna don import qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ta’kidlanishicha, bu qadamlar Bangladeshning AQSH bilan tovar ayirboshlashdagi taxminan olti milliard dollarlik ijobiy saldoni qisqartirish strategiyasining bir qismidir.
Bangladesh savdo vazirining ta’kidlashicha, Bangladeshning keng ko‘lamli xomashyo importini Boeing bilan potensial kelishuv bilan uyg‘unlashtirgan chora-tadbirlar to‘plami Vyetnamga taklif qilinganidan ko‘ra yaxshiroq bojxona stavkasiga loyiqdir.
Izoh (0)