11-iyul kuni Iroq Shimolidagi Jasana g‘orida Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) az’olari tomonidan ommaviy ravishda qurol-yarog‘ yoqib yuborish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu Turkiyaga qarshi urushni to‘xtatish yo‘lidagi birinchi qadamning ramzi sifatida baholanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu harakat PKKning 12-may kuni o‘zini-o‘zi tarqatib yuborish haqidagi e’loni va Turkiya hukumati bilan muzokaralar doirasida bo‘lib o‘tgan.
Qurollarini tashlagan PKK a’zolari o‘zlarini “tinchlik va demokratik jamiyat guruhi” deb atagan. Ularning yozma bayonotida shunday deyiladi:
“Biz erkinlik, demokratiya va sotsializm uchun demokratik siyosat va huquq, demokratik integratsiyaga oid qonunlar qabul qilish yo‘li bilan kurashish uchun o‘z ixtiyorimiz bilan qurollarimizdan voz kechamiz”.
Muzokaralarning boshlanishiga turtki bergan narsa — Turkiya qamoqxonasida umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan guruh asoschisi va mafkurachisi Abdulla O‘jalanning mojaroga barham berishga qaratilgan ommaviy chaqirig‘i bo‘ldi.
Qurolsizlanish jarayoni bir necha oy ichida yakunlanishi kutilmoqda.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on PKK qarorini olqishladi. Turkiya matbuoti shanba kuni ertalab davlat rahbari “tarixiy nutq” bilan chiqishini yozmoqda.
Izoh (0)