O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi — Humans Mobile Ltd Markaziy bank va “O‘zbektelekom” xatti-harakatlari ortidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, Humans Mobile PTE LTD kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston davlat organlari va idoralari, shu jumladan, Markaziy bankning harakati bilan 2003-yil 15-iyuldagi “Singapur Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida”gi bitimning ayrim talablari buzilgani bildirilib, 2025-yil 20-mayda xalqaro markazga O‘zbekistonga nisbatan arbitraj jarayonlarini boshlash uchun ariza kiritilgan.
Da’vogarning arizasi xalqaro arbitraj markazi tomonidan ish yurituviga qabul qilinib hozirda arbitraj nizosini mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorlash bosqichida ekani bildirilgan holda, ish jarayonlaridan kelib chiqib qo‘shimcha tafsilotlar berib borilishi ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, “Maroqand” AJ to‘lov tashkilotida fuqarolarning pullari qonunchilikda savdosi va xizmat ko‘rsatilishi taqiqlangan xizmatlarga (qimor o‘yinlar) o‘tkazilganligi sababli, ushbu to‘lov tashkilotining ayrim to‘lov xizmatlarini amalga oshirishi 2024-yil 25-sentabrdan boshlab olti oy muddatga cheklangan hamda to‘lov tashkiloti faoliyatida aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan edi.
O‘zi gap nimada?
O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2003-yil 15-iyulda imzolangan va 2003-yil 23-noyabrdan kuchga kirgan Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilishi da’vo arizasi berishga asos bo‘lmoqda.
Arbitraj muhokamasiga O‘zbekiston Markaziy banki va “O‘zbektelekom” kompaniyasining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Spot’ning yozishicha, shu sabab, Humans Mobile bu xatti-harakatlar bilan unga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda.
2024-yil sentyabrida Markaziy bank Humans kompaniyasiga tegishli UPay brendiga ega Maroqand to‘lov tashkiloti faoliyatini olti oyga cheklab qo‘ydi, bu esa uning bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlari cheklandi. Oktyabr oyi oxirida Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmuratov fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilgani sababli Maroqand litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilganini aytgandi.
2025-yil 26-mart kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini cheklash to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni bekor qildi. May oyida Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan “O‘zbektelekom”ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘radi. Kompaniyaning qayd etishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.
Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin arbitraj muhokamasi “investorlar o‘z manfaatlarini insofsiz ma’muriyatchilikdan himoya qilishning madaniyatli vositasi”, deya qayd etdi. Humans sud muhokamasi “adolatli tartibga solish tamoyillarini mustahkamlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga” xizmat qiladi deb hisoblab, zararni qoplashni talab qilmoqda.
Izoh (0)