Yadro urushi XX asrning eng dahshatli fojiasi sifatida tarixda qoldi, biroq tadqiqotchilar o‘tkazgan izlanishlarga ko‘ra, insoniyat hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa xatarlar ham mavjud. Quyida Yerda hayot tugashiga olib keladigan voqealar bo‘yicha olimlar tomonidan berilgan fikrlar keltiriladi.
Uyqudagi super vulqon

Odatdagi vulqon portlashi haqida hammamiz bilamiz: avval lava otiladi, shaharlar kul ostida qoladi, lekin bir muddatdan keyin hayot yana davom etadi. Super vulqon esa mutlaqo boshqa hodisa bo‘lib, u tog‘ kraterdan iborat emas. U butun boshli qitʼaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ulkan yer osti tizimidir.

Masalan, AQShdagi Yellouston (Yellowstone) milliy bog‘i ostida ulkan magma ombori (yerosti lavasi va erigan tog‘ jinslaridan iborat) yashiringan. Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu yerda oxirgi marta yirik portlash bundan 640 ming yil avval sodir bo‘lgan. O‘shanda Amerika hududining yarmi kul bilan qoplangan. Agar shunday voqea yana ro‘y bersa, Yer yuzida global sovuqlik boshlanib, minglab flora va faunalar nobud bo‘lishi, iqtisodiyot va transport tizimlari izdan chiqishi mumkin.
Asteroidning qulashi

Yer koinotdan keladigan mayda jismlar bilan doimiy ravishda to‘qnashib turadi. Ularning aksariyati atmosferaga kirishi bilanoq yonib ketadi va biz ko‘pincha osmonda ko‘radigan yorqin chaqnashlar — meteorlar hosil bo‘ladi. Ammo Yer sayyorasi juda katta osmon jismi bilan ham to‘qnashishi mumkin.
Bundan 66 million yil avval Yukatan yarimoroliga ulkan Chiksulub asteroidi urilgan, uning zarb to‘lqini dahshatli oqibatlarga olib kelgan va natijada kuchli zilzilalar, yirik yong‘inlar va sunami to‘lqinlar yuz bergan. Eng xavflisi esa atmosferaga ko‘tarilgan ulkan chang buluti bo‘lgan. U yillar davomida quyosh nurlarini to‘sib, Yer yuzidagi iqlimni keskin sovitib yuborgan. Oqibatda ekotizim buzilib, dinozavrlar va ko‘plab boshqa tirik mavjudotlar yo‘q bo‘lib ketgan.

Hozirgi kunda astronomlar bunday tahdidlarni diqqat bilan kuzatib boradi. “Potensial xavfli obyektlar” deb ataladigan asteroid va kometalar ro‘yxati muntazam yangilanadi. NASA va Yevropa kosmik agentligi (ESA) turli dasturlar orqali ularni erta aniqlash ustida ishlar olib boradi. So‘nggi yillarda esa insoniyat tarixida ilk marta amaliy sinov ham o‘tkazildi: DART missiyasi yordamida asteroidning yo‘nalishini o‘zgartirishga urinish muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Biroq barcha ilmiy yutuqlarga qaramay, koinot kutilmagan paytda ulkan toshni Yerga yo‘naltirishi va butun shaharlarni bir zumda xaritadan o‘chirishi mumkin.
Yangi pandemiya

XXI asr butun dunyoni birgina virus izdan chiqarishi mumkinligini yaqqol isbotlab berdi. COVID-19 qisqa vaqt ichida samolyotlarni to‘xtatdi, barcha chegaralarni yopdi va iqtisodiyotni larzaga soldi.
Insoniyatga eng katta xavfni o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan viruslar yetkazadi. Masalan, Ebola yoki parranda grippi odatda keng tarqalmaydi, chunki kasallik insonni tezda yengadi va bemor uni ko‘pchilikka yuqtirishga ulgurmaydi. Ammo bir kun kelib bunday xastaliklar koronavirus kabi tez tarqalib ketsa yoki Ebola kabi viruslar avj olsa, oqibati insoniyat uchun halokatli bo‘lishi mumkin.

Sivilizatsiyaga tahdid soluvchi yana bir omil bu biotibbiyot muhandisligidir. Hozirgi texnologiyalar laboratoriyada viruslarni mutatsiya qilish va o‘zgartirish imkonini beradi. Kichik xatolik yoki qasddan qilingan harakat yangi, nazorat qilib bo‘lmaydigan patogenni paydo qilishi mumkin.
Global iqlim o‘zgarishi

Yer yuzidagi hayot portlash kabi birdaniga emas, asta-sekinlik bilan o‘z nihoyasiga yetishi mumkin. Masalan, qurg‘oqchilik, bo‘ronlar va erib borayotgan muzliklar ona tabiatga jiddiy xavf soladi. Zero, iqlimdagi global o‘zgarishlar oddiy prognoz emas, balki butun dunyo kuzatuvlari bilan tasdiqlangan faktga aylanib ulgurgan.
Sanoat davrining boshlanishidan beri Yerning o‘rtacha harorati taxminan 1,2 daraja oshdi. Bu ko‘rsatkich bir qarashda ozdek ko‘rinadi, lekin u o‘zoga xos zanjir reaksiyasini ishga tushiradi: Grenlandiya va Antarktida muzliklari eriydi, okean sathi ko‘tariladi, aholi yashaydigan hududlar yashashga yaroqsiz bo‘lib qoladi.
Sunʼiy intellekt va texnologik xavf

Texnologiyalar hayotimizni ancha osonlashtirdi: sunʼiy intellekt bugungi kunda dronlarni boshqaradi va insondan tezroq maʼlumotlarni tahlil qiladi. Sunʼiy intellekt bugun allaqachon ko‘plab ishlarni bajara oladi: matn yozadi, dronlarni boshqaradi, katta hajmdagi maʼlumotni odamdan tezroq tahlil qiladi. Hozircha u yordamchi sifatida ishlamoqda. Ammo olimlar ogohlantiradi: agar SI bir kun o‘z maqsadlariga ega alohida fikrli tizimga aylanib qolsa, vaziyat butunlay o‘zgarishi mumkin.
Mashhur fizik olim Stiven Xoking ogohlantirgan edi:
“Nazoratdan chiqqan sunʼiy intellekt bilan insoniyat raqobat qila olmaydi”.
Ilon Mask ham bu xavfni yadro qurolidan ham dahshatliroq deb atagan. Hozir bu so‘zlar fantastika kabi eshitilsa-da, ehtimoldan holi emas. Masalan, birgina kiberhujum butun mamlakatlarning elektr taʼminotini izdan chiqarishi mumkin. Agar shunday hujum sog‘liqni saqlash, transport yoki harbiy tizimlarga qaratilsa, oqibatlari yanada og‘ir bo‘ladi.
Izoh (0)