Isroil armiyasi 6-avgustdan buyon G‘azo shahriga uyushtirgan keng miqyosdagi hujumlari davomida “Zaytun” va “Sabra” mahallalarida 1000 dan ortiq binoni butunlay vayron qildi. Bu haqda Falastin fuqaro mudofaasi xizmatiga tayanib, Al Jazeera xabar berdi.

Uuzluksiz bombardimonlar va yo‘llarning to‘sib qo‘yilgani qutqaruv hamda yordam ishlarini imkonsiz qilib qo‘ygan. Yuzlab bedarak yo‘qolganlar haqida murojaatlar bo‘lgan, ammo ko‘mak ko‘rsatishning imkoni yo‘q. Shifoxonalar esa bemorlar oqimiga bardosh bera olmayapti.
“Xavfsiz joy qolmadi. Isroil shimoliy hamda janubiy hududlarda uylar, boshpanalar va hatto qochqinlar lagerlarini ham nishonga olmoqda”, deyiladi mudofaa xabarida.
Isroilning G‘azo shahrini to‘liq egallash harakati oqibatida qariyb 1 million falastinlik janubga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Fuqaro mudofaasi bu holat shaharni to‘liq vayron qilish istagidan dalolat berishini bildirmoqda.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sektordagi ocharchilik oqibatida vafot etganlar soni 289 nafarga yetgan, ular orasida 115 nafar bola bor. BMT va inson huquqlari tashkilotlari Isroilni G‘azoda genotsid sodir etayotganlikda ayblamoqda. Tashkilot rasmiysi Filipp Lazarini esa G‘azodagi vaziyatni “do‘zax” deb atab, xalqaro yordamga ruxsat berilishini talab qilmoqda.
G‘azo Ichki ishlar vazirligi Isroilning G‘azo shahri va shimoliy hududlar aholisini majburan ko‘chirib yuborish rejasi haqida ogohlantirdi hamda og‘ir bombardimonlarga qaramay odamlarni uylarini tark etmaslikka chaqirdi.
“G‘azoning birorta ham tumanida xavfsiz joy yo‘q, bosqinchilar har kuni dahshatli jinoyatlarni sodir etmoqda, hatto norasmiy “insonparvarlik hududi” yoki “xavfsiz joy” deb e’lon qilingan joylarda ham ko‘chirilgan odamlarning chodirlarini bombardimon qilmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ma’lumot o‘rnida, Isroil armiyasi 25-avgust kuni G‘azodagi Nosir shifoxonasiga aviazarba bergan. Hujum oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonaga jami ikkita aviazarba yo‘llangan. Ikkinchisi qutqaruvchilar, jurnalistlar va boshqa odamlar dastlabki hujum joyiga yetib kelganidan so‘ng amalga oshirilgan.
Izoh (0)