Sultonali Rahmatov o‘z uslubi va yo‘nalishiga ega, O‘zbekistondagi birinchi raqamli kompozitorlardan biri edi. Bastakor shu yilning 28-iyulida uzoq davom etgan xastaliklar oqibatida vafot etdi. “Daryo” san’atkorning shogirdlari bilan uning orzu-armonlari, ijodi, qiyinchiliklari va umrining so‘nggi kunlari haqida suhbatlashdi.
Sozanda 1970-yil 13-yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006-yilda Nyu York Qirollik akademiyasi kompozitori unvoniga sazovor bo‘lib, 2010-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” bo‘lgan. Uning “O‘zbekiston”, “Hayot guli”, “Navro‘z”, “Vals”, “Sharq taronasi” kabi ko‘plab mashhur musiqalari tinglovchilar qalbidan o‘rin olgan. Ijodkor uzoq yillar davomida qandli diabet, jigar sirrozi va buyrakda suv yig‘ilishi kabi og‘ir xastaliklar bilan kurashib kelayotgan edi.
“O‘nta nomzod ichidan shogirdlikka meni tanlab olgan edi” — Doniyor G‘oipov, xonanda:

— Ustozim Sultonali Rahmatov bilan 18 yil hamkorlikda ijod qildik, yaxshi-yomon kunlarni birga baham ko‘rdik. Madaniyat institutining 2-kursida o‘qiyotgan chog‘larim Sulton akam Samarqand shahrining Registon maydonida katta konsert qo‘yish taraddudida edi. Shunda institutimiz rahbariyatidan ovoz imkoniyati keng vokalist kerak, deb so‘ragan. “Menga bo‘yi baland, chet tillaridan xabardor va yaxshi ovoz imkoniyatiga ega yigit kerak” degan va o‘nta nomzodning ichidan meni tanlab olgan. Birinchi kundan ustoz-shogirdlik boshlangan. U paytlarda ustozning bo‘y-basti baland, sog‘lom, artistizm kuchli edi, yuzlaridan nur yog‘ilib turardi. Oilam ham shunday insonning orkestrida yakkaxon solist bo‘lishimdan xursand bo‘lgan, deydi ijodkor.
“Shogird tushib eng katta orzumga yetgandim” — Gulyuz, xonanda:

— Sultonali Rahmatovni ilk bor “O‘zbekkonsert”da uchratganman. O‘sha payt ustoz konsertiga ayol xonanda qidirib yurganida meni ko‘rsatishgan ekan. Ovoz imkoniyatlarimni sinab ko‘rib, meni jamoasiga qabul qilgan. Yoshligimdagi ulkan orzularimdan biri amalga oshdi deb juda quvonganman. Samarqanddagi konsertda ingliz va boshqa chet tillarda qo‘shiqlarning ko‘pini Doniyor G‘oipov do‘stim bilan birgalikda ijro etganmiz, deya eslaydi xonanda.
“Konsertni Registon maydonida qo‘yishning sababi bor edi” — Javlon Qilichyev, shogirdi:

— Ustoz bilan 2005-yilda tanishganmiz, shogird bo‘lib tushganman. Ijodiy faoliyatimizni esa 2009-yildan boshlaganmiz. Samarqanddagi konsertidan keyin, navbatdagi albomini birga qildik. 2010-yilda Registonda yana bir bor konsert qo‘ydi. Bu konsertlarni qo‘yishdan maqsad — men o‘zbekning o‘g‘loniman, shu yurtdan chiqqan ijodkorman, vatanimda shunday tarixiy binolar bor degan maʼnoda tashkil qilingandi. Buyuk ijodkor, katta qalbli bastakor edi, deya xotirlaydi.
Sultonali Rahmatov O‘zbekistonda ilk bor ochiq osmon ostida konsert uyushtirgan. Ushbu konsert Samarqanddagi Registon maydonida o‘tkazildi — u paytga qadar hech bir sanʼatkor tarixiy obida fonida bunday tadbir o‘tkazmagan edi. Marhum bastakor Amerika va Yevropada ham yirik masshtabdagi konsertlar berishni orzu qilgan.
“Biz, albatta, Amerikani zabt etamiz, derdi” — Doniyor G‘oipov, xonanda:

— Ustozimning maqsadi bitta edi — 2007-yildan to vafotiga qadar Amerikaga chiqib, o‘z asarlari bilan O‘zbekiston bayrog‘ini dunyoga tanitish bo‘lgan. Samarqanddagi konsert videolar hatto Markaziy Osiyo, Yevropaga chiqdi, xatlar, murojaatlar bo‘ldi, lekin yangi eshiklar ochilib ketmadi. Amerikadan takliflar keldi, deb bolalarcha quvonib ketardi. Lekin biroz muddatdan taklif bilan chiqqan odamlar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib qolardi. Doim u insonning yonida bo‘lganim uchun bunga ko‘p guvoh bo‘lganman. Ustoz bu maqsadi yo‘lida har qanday imkoniyatini ishga soldi, hatto murojaatlar qildi.

Amerikadan bir odam “Konsertingni uyushtiramiz, buning uchun katta pul kerak” deb chiqdi. Sultonali akam ishonib, xursand bo‘lib, uyi, mashinasini sotdi, katta-katta pullar yubordi. Ustoz o‘ziga to‘q, yaxshi yashardi. Bor-budini sotib, pulini jo‘natgandan keyin anavi odamlar yo‘q bo‘lib qoldi. Ustoz aldandi. Ungacha viza masalalarini hal qilib yurganimizda, harbiy xizmatdan ham maʼlumotnoma so‘rashdi. Xizmatni o‘tamaganim uchun bir oylikka borib kelasiz, keyin beriladi, deyishdi. Armiyaga borib ham keldim, kelishim bilan ustozning yonlariga borsam, tushkun kayfiyatda “Doniyor, bizni aldashdi”, dedi. Tushkunlik holati va qandli diabet ham shundan boshlandi, deydi xonanda.
Bu orzular unga armon bo‘lib qoldi. U Amerika va Yevropaga chiqish uchun yordam so‘rab rahbarlarga, tadbirkorlarga va milliarder Alisher Usmonovga ham murojaat qilgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, Yevropa va Amerikada reklama tashkil qilish bahonasida rus millatiga mansub Andrey ismli shaxs undan 100 ming dollar olib, vaʼdasini bajarmagan. Firibgarga aldangani va birdan bir orzusi Amerikaga chiqish bo‘lgani sababli bu voqea bastakorni chuqur tushkunlikka solib qo‘ygan, sog‘lig‘iga ham salbiy taʼsir qilgan.
“Katta pulga aldanganiga shaxsan guvoh bo‘lganman” — Gulyuz

— Aldangan, katta summaga tushgan paytlari bo‘ldi, bunga tirik guvohman. Siqiladigan, ko‘p tashvishlanadigan narsasi — musiqasini dunyo davlatlariga chiqara olmagani edi. Kasallikni ham shu tufayli orttirdi deb o‘ylayman, sababi juda sog‘lom, baquvvat odam edi. Ishlari, harakatlari zoye ketayotgani, harakati besamar bo‘layotganini ko‘rib ustozning o‘zi ham asta-sekin ortga ketib qoldi, dedi u.
“Vafotidan keyin sanʼatimizda og‘ir judolik, deb bong urishyapti” — Doniyor G‘oipov:
— Ustoz katta-katta orzular qilardi. Agar Yevropaga chiqsam, kasalliklarimni yengib, zo‘r bo‘lib ketamiz. O‘zimizning ofisimiz, ovoz yozish studiyamiz bo‘ladi, bu yerda ijod qilamiz, mana bu yerda dam olamiz, hovuzlarimiz bo‘ladi — jamoa bo‘lib ishlaymiz deb aytardi. Orzulari keng, beg‘ubor, xokisor inson edi. O‘tgan zamonda gapirish ham hozir og‘ir bo‘lyapti, hanuzgacha ishonolmaymiz.

Rejissyor Saʼdulla Abdullayev ham bor kuchi bilan yordam berdi, qaysi doktorga olib borish kerak bo‘lsa, olib bordi, tabiblar ham — umuman, olib bormagan joyi qolmadi. Ovqatlanish uchun olib borsam, ha eriysizmi, kuchayibsiz-da, deb qo‘yardi. Umrining so‘nggi kunlarida ham tushlik qilayotganimizda “Men sezyapman, ko‘ryapsizmi, Alloh meni asrayapti. Biz hali orzularimizga yetamiz. Bo‘lmasa allaqachon bu kasalliklar bilan vafot etib ketgan bo‘lardim. Qaniydi, yo‘llar ochilsa, sog‘ayib ham ketardim” dedi. Shu kunning ertasiga yuragi xuruj qilib, shifoxonaga yotdi. Jonlantirish bo‘limigacha ham kirdik, Saʼdulla akam hamma jarayonni nazorat qilib turdi. Hatto o‘zi ham intervyu berib, “O‘zbekistonning sanʼati, madaniyatiga katta hissa qo‘shgan Sultonalini nahotki shunday holatdan olib chiqib ketolmaymiz” degan gaplarni aytdi. Vafotidan keyin esa hamma yoqda Sultonali, Sultonali… Sanʼatimizda og‘ir judolik degan gaplar…, deydi ijodkor.
“Martabali shaxslardan sado chiqmadi” — Javlon Qilichyev:

— Hech kimdan sado chiqmadi, xalqdan ham, tadbirkorlardan ham. Saʼdulla Abdullayev ham moddiy, ham ruhan qo‘llab-quvvatlab turdi. O‘zi ham Sulton akani juda yaxshi ko‘rardi. Bor kuchini ishga soldi, oxiri imkoniyati qolmagach, mana bank kartasi raqami, yordam beringlar, dedi. O‘z yurtimizning farzandi bo‘lgani uchun xalq qo‘llab-quvvatladi. Adashmasam shunday. Lekin hech qanday tadbirkor, martabali shaxslar qo‘llagani yo‘q, deydi u.
“Oxirgi marta ko‘rganimda maʼnoli qarab qolgandi” — Doniyor G‘oipov:

— Umrining so‘nggi kunlarida Mudofaa vazirligi gospitalida yotganida, Saʼdulla akam qo‘ng‘iroq qilib, sen ham kel, ko‘rgani boramiz dedi. Boshqa shogirdlari bilan bordim. Borsak, reanimatsiyada ekan, havo yetmayapti. Doktorlar baraka topsin, iltimos qilib jonlantirish bo‘limigacha kirdik. Gapirishga qiynalsa-da, men bu yerdan tezroq chiqishim kerak, bekorga yotibman, ijod qilishim kerak, bugun chiqib ketaman, oldimizda konsert bor, deb tinmay shu gaplarni gapirdi. Ko‘ngillarini ko‘tarib o‘tirdik. Ayniqsa, chiqib ketayotganimda, ustoz, hali sog‘ayib, oyoqqa turib ketasiz deganimda, menga uzoq maʼnoli termilib, rahmat deb qolgani hech ko‘z o‘ngimdan ketmayapti. Men bilaman, Sultonali Rahmatov jannatlarda yuribdi, deya ustozini xotirladi xonanda.
Izoh (0)