Rossiyaning Ukrainaga kelajakdagi hujumini oldini olish uchun AQSH qiruvchi samolyotlarini Ruminiyaga joylashtirish taklif qilindi. Bu haqda The Times xabar berdi.

Yevropa davlatlari tegishli tashabbus bilan chiqqan, chunki AQSH prezidenti Donald Tramp “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ni havodan qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan edi. Yevropa harbiy rahbarlari masalani amerikalik hamkasblari bilan muhokama qilmoqda. AQSH generali Den Keyn 20-avgust kuni Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Finlyandiya va Italiyadan kelgan yuqori martabali generallarni qabul qilgan.
Uchrashuvda Amerikaning F-35 qiruvchi samolyotlarini Ruminiyaga joylashtirish taklifi bildirilgan. NATO aynan shu yerda Yevropadagi eng yirik aviabazasini qurmoqda. Maqsad — Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi imzolanganidan keyin Rossiyaning qayta bostirib kirishining oldini olish.
Shuningdek, Yevropa mamlakatlari GPS orqali yo‘nalish aniqlash va razvedka maqsadlarida Amerika sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanish bo‘yicha kafolatlar olishni xohlaydi.
Bundan tashqari, ular AQSHdan Rossiyaning ehtimoliy hujumlariga qarshi mudofaa uchun Patriot va NASAMS zenit-raketa tizimlarini taqdim etishni so‘ramoqda. Buyuk Britaniya urush boshlanganidan buyon Qora dengiz ustida razvedka parvozlarini amalga oshirib kelmoqda. Biroq bu vazifalar Boeing ishlab chiqargan samolyotlarda amalga oshirilmoqda. Jangovar harakatlar tugagach, missiyalarni davom ettirish uchun AQSHning ruxsati talab etiladi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya Ukrainaga Typhoon qiruvchi samolyotlarini hamda 3–5 ming askardan iborat brigadani yuborib, Ukraina armiyasini o‘qitishga tayyorligini bildirgan. Fransiya, Kanada va Avstraliya ham Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborishga va’da bergan.
Jami 10 ga yaqin davlat tinchlikparvar kuchlar uchun askar ajratishi mumkin. Biroq ko‘plab Yevropa mamlakatlari bu borada siyosiy hamda ma’muriy muammolarga duch kelmoqda. Masalan, Germaniyada harbiylar soni yillar davomida keskin qisqargani bois, mamlakat Ukrainaga yuborish uchun zarur miqdorda askar topa olishiga shubha bor.
Izoh (0)