Braziliyaning “Fluminense” klubi posboni Fabio professional futbol tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylandi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar bergan.

Unga ko‘ra, 44 yoshli tajribali darvozabon Janubiy Amerika kubogi 1/8 final bosqichi doirasidagi Kolumbiyaning “Amerika de Kali” jamoasiga qarshi bahsda (2:0) asosiy tarkibda maydonga tushdi. Bu o‘yin Fabio uchun faoliyatidagi 1391-uchrashuv bo‘ldi. Shu tariqa u ingliz afsonasi Piter Shiltonning (1390 o‘yin) uzoq yillik rekordini yangiladi.
Qiziq tomoni, Fabio bu yutuqqa Braziliya terma jamoasida birorta ham o‘yin o‘tkazmagan holda erishdi.
Men hayotim davomida yonimda bo‘lgan barcha insonlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman, — dedi Fabio uchrashuvdan so‘ng.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar ro‘yxatida hozirda ikkinchi o‘rinda Piter Shilton (1390 o‘yin), uchinchi pog‘onada esa “An-Nassr” sardori va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu (1283 o‘yin) joy olgan.
Fabio professional faoliyatini 1997-yilda “Uniao Bandeirante” klubida boshlagan. U faoliyatining katta qismini “Kruzeyro” safida o‘tkazgan bo‘lib, bu jamoa tarkibida 976 o‘yinda maydonga tushgan va 12 ta sovringa ega chiqqan.
Izoh (0)