O‘zbekistonni birinchi prezident Islom Karimov boshqargan yillarda inflyatsiya 5 foiz, aholi real daromadlari o‘sishi 30–40 foiz ko‘rsatilgan. Bu haqda iqtisodchi Yuliy Yusupov fikr bildirdi.

Yuliy Yusupovning aytishicha, uzoq yillar davomida mamlakat statistikasi reallikdan uzib qo‘yilgan. Faqatgina chiroyli ko‘rsatkichlar “chizish” bilan shug‘ullanilgan.
“Bizda uzoq yillar davomida Davlat statistika qo‘mitasi haqiqiy inflyatsiyadan besh baravar kam inflyatsiyani ko‘rsatgan. Hisob-kitob qilsangiz, Karimov davrida real daromadlar yiliga 30–40 foizga o‘sgan bo‘lib chiqadi. Yalpi ichki mahsulot (YIM) ham juda yaxshi o‘sgan, ammo daromadlar undan ham ko‘proq oshgan. Chunki YIM bir ko‘rsatkich — deflyator bo‘yicha qayta hisoblangan, daromadlarni esa boshqa ko‘rsatkich — inflyatsiya bo‘yicha qayta hisoblash kerak edi. Deflyatorni hech kim bilmasdi. Uni ataylab chiroyli iqtisodiy o‘sishni ko‘rsatish uchun ‘yasashgan’. Inflyatsiyani esa shunchaki chiroyli qilib qo‘yishgan. Yaʼni aytaylik, sizda inflyatsiya 40 foiz bo‘lsa-da, 7 foiz deb yozilgan. Bunday maʼlumotlarning asosiy isteʼmolchisi marhum prezidentimiz edi. Unga chiroyli ko‘rsatkichlar yoqardi. Aytgancha, o‘zi ham ularga ishonardi. Uning uchun iqtisodiy o‘sish va past inflyatsiya ko‘rsatkichlari yaratilardi”, dedi iqtisodchi.
Yuliy Yusupov fikricha, agar o‘sha davrdagi iqtisodiy raqamlarga ishonilsa, hozirgacha O‘zbekiston Janubiy Koreyadan ham o‘zib ketishi mumkin edi.
“Faqat aqldan ozgan odamgina o‘zining milliy statistikasini buzib ko‘rsatadi. Chunki agar siz o‘z statistkangizni buzib ko‘rsatsangiz, haqiqiy manzarani ko‘rmaysiz va uni samarali boshqara olmaysiz. Islom Abdug‘aniyevich bizda yiliga 8–9 foiz iqtisodiy o‘sish borligiga, inflyatsiya 5 foiz ekaniga qattiq ishongan. Shunga asoslanib qaror qabul qilardi. Agar bunga ishonilsa, unda umuman hech narsa qilishning hojati yo‘q edi. Bizda hamma narsa juda ajoyib bo‘lib qolardi. Agar real daromadlaringiz bu inflyatsiya ko‘rsatkichi bilan yiliga 30–40 foizga o‘sayotgan bo‘lsa, albatta, biz allaqachon Janubiy Koreyani quvib o‘tgan bo‘lardik”, dedi tahlilchi.
Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov Sobiq Sovet makonida erkin bozor narxlariga o‘tish eng kech O‘zbekistonda yuz berganini tilga olgandi.
Izoh (0)