Nepal tog‘ turizmini rivojlantirish maqsadida 97 ta Himolay cho‘qqisini keyingi 2 yil davomida bepul zabt etishga ruxsat beradi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, to‘lov bekor qilinadigan cho‘qqilar Nepalning Karnali va Sudurpaschim provinsiyalarida joylashgan bo‘lib, ularning balandligi 5970 metrdan 7132 metrgacha. Bu hududlar mamlakatning g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, ular eng kambag‘al hamda kam rivojlangan provinsiyalar sirasiga kiradi.
Bu qarordan oldinroq Everest cho‘qqisiga chiqish uchun ruxsatnoma narxi sentyabrdan boshlab oshirilishi e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, alpinistik mavsumida (aprel–may) dunyoning eng baland cho‘qqisiga chiqish uchun to‘lov 15 ming dollarga yetadi.
Nepal turizm departamenti 97 ta cho‘qqiga bepul chiqish tashabbusi mamlakatning hali kashf etilmagan turistik maskanlarini ommalashtirishga xizmat qilishiga umid bildirmoqda. Ma’lumot o‘rnida, alpinizm mamlakatda muhim daromad manbasi sanaladi — Nepal dunyodagi eng baland 10 tog‘ning barchasiga egalik qiladi. Birgina tog‘ga chiqish ruxsatnomalarining o‘zidan 2024-yili 5,9 million dollar daromad olingan. Buning 3/3 qismi Everest hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Go‘zalligi hayratlanarli bo‘lsa-da, Karnali va Sudurpaschim provinsiyalariga turist va alpinistlar juda kam boradi, chunki hududga kirish juda qiyin. Yangi tartib bu holatni o‘zgartirishiga umid qilamiz. Bu o‘z navbatida yangi ish o‘rinlari yaratadi, daromad keltiradi va mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlaydi”, dedi Nepal Turizm departamenti direktori Himal Gautam.
Biroq rasmiylar ushbu hududlarda infratuzilma va transport imkoniyatlarini yaxshilash bo‘yicha reja tuzganmi yoki yo‘q — hozircha noma’lum. Ushbu cho‘qqiga bepul chiqish tashabbusi amaliyotga tatbiq etilsa, mahalliy aholi katta oqimdagi sayyohlarni qabul qila oladimi? Bu masala ham savol ostida.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi 2 yilda yuqorida ta’kidlanayotgan 97 ta cho‘qqidan faqat 68 tasiga alpinistlar qadam qo‘ygan. Everestga chiqish uchun esa 2024-yilning o‘zida 421 ta ruxsatnoma berilgan. 8849 metr balandlikdagi Everest cho‘qqisi so‘nggi yillarda ortiqcha gavjumlik, ekologik muammolar va bir qator fojeali voqealar bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Nepal Oliy sudi 2024-yilning aprel oyida hukumatga Everest va boshqa yirik cho‘qqilarga beriladigan ruxsatnomalar sonini cheklashni buyurib, “tog‘larning qabul qila olish imkoniyati hurmat qilinishi kerak”ligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Nepal parlamentida ko‘rib chiqilayotgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, Everestga chiqishni istagan har bir alpinist avval mamlakatdagi balandligi 7 ming metrdan oshgan tog‘ cho‘qqisini zabt etgan bo‘lishi lozim. Shu bois Karnali va Sudurpaschimdagi bepul cho‘qqilar “ideal tayyorgarlik makoni” sifatida e’tirof etilmoqda.
Izoh (0)