Tailandda Kambodja bilan bo‘lgan janglarni suratga olgan rossiyalik bloger Timur Zbarskiy ushlandi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bloger Kambodja bilan chegaradagi jang harakatlarini tasvirga olgan.
Timur voqea joyidan...u yerda nima bo‘layotganini ko‘rsatish maqsadida Kambodja chegarasi bo‘ylab 150 kilometr masofani shaxsan bosib o‘tgan, deyiladi xabarda.
Zbarskiy harbiy mojaro hududida “ruxsatsiz tasvirga olish” ishlarini amalga oshirgani ta’kidlanmoqda. Tailandda harbiy mojaro haqidagi ma’lumotlar faqat rasmiy ommaviy axborot vositalarida yoritilishi mumkin. Dastlab mahalliy patrullar rossiyalik blogerni to‘xtatib, smartfonini tekshirgan, ammo keyin qo‘yib yuborgan.
Birozdan keyin erkak Pattaya shahrida qo‘lga olingan, hozirda u Bangkokda — Immigrantlarni hibsda saqlash markazida (Immigration Detention Centre) saqlanmoqda. U o‘z vataniga deportatsiya qilinishi mumkin.
Zbarskiy Facebook’da blog yuritadi, uning 4 mingga yaqin obunachisi bor. 2018-yilda u ommaviy axborot vositalarida GeoGuru sayyohlik loyihasining asoschisi sifatida tilga olingan edi.
Kambodja—Tailand to‘qnashuvi
Ikki davlat o‘rtasidagi qurolli ziddiyatlar yangilik emas, tomonlar o‘rtasidagi so‘nggi mojaro 24-iyulda boshlangan, ammo birinchi qurbon 23-iyulda qayd etilgan. Tailand armiyasining besh kishilik patrul guruhi bahsli hududda minaga uchrab, jarohatlangan. Ulardan biri oyog‘idan ajralgan.
Ertasi kuni Tailand harbiylari Kambodja droni va olti nafar qurollangan askarni o‘z hududi yaqinida ko‘rganini bildirgan. Kambodja bu da’volarni inkor etmagan, ammo mojaro boshlanishida Tailandni ayblagan. Oxirgi yirik to‘qnashuvlar 38 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 28-iyul kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga va bevosita muloqotni tiklashga kelishib olgan. Biroq bahsli hududlar muammosi hanuz yechimsiz qolmoqda.
Izoh (0)