Toshkent viloyati Toshkent tumanida ikki tadbirkor gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda 29-iyul kuni “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, O‘zbekiston bo‘ylab tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularni oldini olish bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyatida uyushtirilgan.
O‘ranishlar natijasida Toshkent tumanida joylashgan “I.S.S.” MCHJga qarashli mebel ishlab chiqarish korxonasida qoidabuzarlik aniqlangan. Isteʼmolchi gaz taʼminot idorasi bilan shartnoma tuzmasdan yonilg‘idan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelayotgan bo‘lgan.
“Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 milliard 134 million so‘mlik zarar aniqlandi”, deyiladi manbada.
Yana bir qoidabuzarlik tumanning “Chinor” MFYda joylashgan “D.D.A.” YATTga qarashli ovqatlanish maskanida fosh etilgan. Binoda hisoblagichdan tashqari rezina shlang orqali tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani maʼlum bo‘lgan. Mazkur holat bo‘yicha 137 million so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Yuqoridagi noqonuniy holatlarga hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
Bosh prokuratura 2025-yil yanvar—iyun oylarida yoqilg‘i-energetikadan foydalanishda 67 mingdan ortiq noqonuniy holatlar aniqlanib, 758 mlrd so‘m zarar undirilganini xabar qilgandi.
Izoh (0)