Qo‘shma Shtatlar Isroilni Eron ballistik raketa hujumlaridan himoya qilishda ishlatilgan zenit raketalar o‘rnini qoplashi uchun 2 milliard dollargacha mablag‘ sarflaydi. Yangi raketalarni ishlab chiqarish bir yildan ortiq vaqt olishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal nashri AQSH rasmiylariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Pentagon “12 kunlik urush” davomida Eron tomonidan Isroilga uchirilgan raketalarni tutib olish uchun bir juft THAAD batareyasini safarbar etgan. Ular orqali 150 dan ziyod zenit raketa uchirilgan. Bu AQSH qurolli kuchlarida mavjud bu turdagi raketalarning qariyb chorak qismini tashkil etadi. Ammo bu hammasi emas. Amerikaliklar harbiy kemalar orqali 80 ta SM-3 raketalarini ham uchirgan.
Ekspertlar har bir zenit raketa narxini quyidagicha baholaydi:
▪️ SM-2 — 2,1 mln dollar;
▪️ SM-6 — 3,9 mln dollar;
▪️ SM-3 Block IB — 9,7 mln dollar;
▪️ SM-3 Block IIA — 28 mln dollar.
Isroilning o‘z mudofaa tizimlari
Yahudiy davlati Eron hujumlarini qaytarishda o‘z mudofaa tizimlaridan ham faol foydalandi. Jumladan, Arrow-2 va Arrow-3, shuningdek, qisqa masofali raketalarga mo‘ljallangan “Temir gumbaz” va “Dovud palaxmoni” kabi tizimlar ham qo‘llandi. Rasmiylarning aytishicha, agar Eron hujumlarni davom ettirganida, Isroilning tutib oluvchi raketalari tezda tugagan bo‘lar edi.

AQSH nafaqat himoya, balki hujum maqsadlari uchun ham katta mablag‘ sarfladi. Eron yadroviy obyektlariga jami 14 ta GBU-57 bunker-teshuvchi bombalari tashlangan. Shuningdek, suvosti kemasidan 20 dan ortiq Tomahawk raketalari uchirilgan.
Izoh (0)