O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari va ikkita sho‘ba mudirlari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda 25-iyul kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Talʼat Valiyev Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining jamoat xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston prezidentining farmoni qabul qilingan.
Prezident administratsiyasi farmoyishi bilan Bahodir Mahmudov Xavfsizlik kengashi apparati Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirilishini taʼminlash va xalqaro gumanitar hamkorlik sho‘basi mudirligidan bo‘shatildi. Shu bilan birga, Shovqiddin Qarshiyev kengash apparati Davlat chegarasi xavfsizligi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilishni taʼminlash sho‘basi bosh konsultanti lavozimidan ozod etildi.
Joriy yil iyun oyida davlat rahbari farmoni bilan Prezident administratsiyasi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Hujjat asosida yangi tashkil etilgan Prezident administratsiyasi rahbari lavozimiga Saida Mirziyoyeva tayinlandi. 14-iyul kuni esa administratsiyada qator yangi lavozim tayinlovlari eʼlon qilindi. Xususan, tuzilma rahbariga besh nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Prezident farmoniga muvofiq, administratsiya tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirilgan, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirilgan.
Farmonga ko‘ra, lavozimlari o‘zgarishsiz qoldirilgan rahbar xodimlar orasida Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov ham bor edi.
Maʼlumot uchun, Xavfsizlik kengashi — Prezident huzuridagi muhim maslahatchi va muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi. U davlatning xavfsizlik strategiyasini, jamoat xavfsizligi, mudofaa, tashqi va ichki siyosat yo‘nalishlarini shakllantirishda markaziy rol o‘ynaydi. Konstitutsiyada O‘zbekiston prezidenti Xavfsizlik kengashini tuzishi va unga boshchilik qilishi belgilangan.
Izoh (0)