2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalari uchun qabul parametrlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Bakalavriyat uchun kvotalar
Yangi o‘quv yilida davlat oliygohlariga bakalavriat bo‘yicha uchta taʼlim shakli uchun o‘rinlar ajratiladi. Jumladan, mazkur yo‘nalishning kunduzgi taʼlim shaklida jami 148 400 talaba o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shundan o‘qitish tillari bo‘yicha o‘rinlar quyidagicha taqsimlangan:
- O‘zbek tili — 124 339 ta;
- Rus tili — 19 125 ta;
- Qoraqalpoq tili — 4 121 ta;
- Qozoq tili — 375 ta;
- Tojik tili — 305 ta;
- Qirg‘iz tili — 75 ta;
- Turkman tili — 65 ta.
Bakalavriatning kechki taʼlim shakli uchun 28 732 ta o‘rin ajratilmoqda. Shundan o‘qitish tillari kesimidagi taqsimot quyidagicha:
- O‘zbek tili — 25 563 ta;
- Rus tili — 2 477 ta;
- Qoraqalpoq tili — 437 ta.
Davlat oliygohlari bakalavriat yo‘nalishining masofaviy taʼlim shakli uchun ham qabullar soni o‘qitish tillari bo‘yicha taqsimlandi. Unga ko‘ra, mazkur taʼlim shakli uchun jami 18 195 ta o‘rin beriladi. Mazkur o‘rinlarda tahsil oladigan talabalarning 16 000 nafari o‘zbek, 1 780 nafari rus va 415 nafari qoraqalpoq tili o‘qitiladi.
Magistratura kvotalari
Yangi o‘quv yilida davlat oliygohlari magistraturasi kunduzgi taʼlim shakli uchun 20 210 ta kvota ajratildi. Bunda o‘zbek tilida 17 263 nafar, rus tilida 2 947 nafar talaba o‘qitiladi.
Magistraturaning kechki taʼlim shakli uchun 1 319 ta o‘rin ajratiladi. O‘zbek tilida 1 107, ruschada 138, qorqalpoq tilida 74 talaba tahsil oladi.
Masofaviy taʼlim shaklida jami 420 nafar magistr o‘qitiladi. Ularning 352 nafari o‘zbek, 53 nafari rus, 15 nafari qoraqalpoq tillarida tahsil olish imkoniga ega.
Grantlar soni qancha?
2025/2026-o‘quv yilida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari uchun jami 45 422 ta davlat granti ajratildi. Shundan bakalavriatga qabul qilingan 35 500 talabaning o‘qish xarajatlari davlat byudjetidan moliyalashtiriladi. Magistratura bo‘yicha ajratilgan grantlar soni esa 9 922 tani tashkil etdi.
Davlat tomonidan yuqoridagilardan tashqari yana bir necha yo‘nalishda qo‘shimcha grantlar ajratiladi. Jumladan, xorijiy va nodavlat OTMlar uchun 1 320 ta grant beriladi. Xotin-qizlar uchun 4 000 ta, chet eldagi o‘zbekistonlik yoshlarga 30 ta davlat granti taqdim etiladi.
O‘tgan yilgi kvotalar qancha edi?
Joriy yilgi yangi o‘quv davri uchun kunduzgi taʼlimga avvalgidan sezilarli darajada ko‘proq o‘rinlar ajratilganini ko‘rish mumkin. Yaʼni mazkur shaklda 2024-2025 o‘quv yili uchun 127 ming 995 ta kvota berilgan. Bu yil shunga yana 20 ming 405 ta o‘rin qo‘shildi.
O‘z navbatida o‘tgan yili kechki taʼlim shakli uchun yangi o‘quv yilidagidan 19 ming 574 taga kam, yaʼni 9 ming 158 ta o‘rin ajratilgan. Masofaviy taʼlimga ham sezilarli darajada kam — 5 ming 610 ta joy berilgan (bu yil 12 ming 585 ta o‘rin qo‘shildi).
2024/2025 o‘quv yilida joriy yilgidan farqli ravishda sirtqi taʼlim shakli ham bo‘lgan. Mazkur tarmoq uchun 52 ming 129 ta joy ajratilgan. Respublikada ushbu taʼlim shakli tugatilgani sabab, uning kvotalari boshqa yo‘nalishlarga qo‘shilgan. Avvalroq Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘quv sifatini yetarlicha taʼminlab bo‘lmagani tufayli sirtqi taʼlim tugatilganini aytgandi. Vazir sirtqi o‘rniga masofaviy va uzaytirilgan taʼlim keng yo‘lga qo‘yilayotganini ham taʼkidlagan.
Joriy yil magistratura bosqichi bo‘yicha kvotalar soni oshirilgan. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida jami 17 500 magistr o‘qishga qabul qilingan (bu yil 4 449 ta ko‘p). Yangi o‘quv yilida magsitraturaga kechki va masofaviy taʼlim shakllari ham joriy etilgan.
Izoh (0)