O‘zbekistonda Ai-80 markali benzin narxi bir oyda 9 foiz qimmatlashdi. Oxirgi ikki yilda esa 48 foizgacha oshdi.

Bundan bir oy ilgari birjada Ai-80 benzini tonnasi 9 million 448 ming so‘mdan sotilgan. 15-iyulga kelib esa narx 869 000 so‘mga oshib (o‘sish 9 foiz), tonnasi 10 million 317 ming so‘mdan savdoga chiqarilgan. Bunday yuqori narx tarixda bo‘lmagan.
Joriy yil boshida mazkur markadagi yonilg‘i narxi tonnasiga 9 million 296 ming so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Bir yil ilgari esa 8 million 960 ming so‘mdan sotilgan. Yillik narx o‘sishi — 15 foiz.
2023-yil iyuli o‘rtasida mazkur benzinning tonnasi 6 million 967 ming so‘mdan savdoga chiqarilgan. Ikki yil davomida narx qariyb 48 foizga o‘sgan.
Mamlakatda rasmiy inflyatsiya oxirgi bir yilda 8,7 foiz, so‘ngi ikki yilda yig‘ilgan inflyatsiya esa 20,2 foizga teng bo‘lgan. AI 80 narxi esa boshqa tovar va xizmatlardan ko‘ra 1,7–2,4 karra yuqoriroq surʼatda qimmatlashmoqda.
Ai-80 benzinidan voz kechiladimi?
“O‘zbekneftgaz” raisi Bahodir Siddiqov jurnalistlar bilan uchrashuvda Ai-80 benzini sifatsizligiga urg‘u bergan va undan postsovet davlatlari orasida faqat O‘zbekistonda foydalanilishini aytgandi.
“Mamlakatda ishlab chiqarayotgan benzinning 80–90 foizini Ai-80 markalisi tashkil qiladi. Chunki isteʼmolchilar arzon benzin so‘raydi”,— degan rais.
Prezident masʼullarga Ai-80 benzinidan voz kechish bo‘yicha oxirgi yillarda bir necha marta vazifa qo‘ygan. Masalan, 2024-yilda berilgan topshiriq hali bajarilmadi. Davlat dasturi bilan 2025-yil yakunigacha Ai-80 rusumli avtomobil yonilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash vazifasi qo‘yilgan.
“Rezinkaday cho‘zmay, 80 benzin birdan taqiqlansa nima bo‘ladi? Ochofat monopolistlar, o‘g‘ri oligarxlar, ularning energoshotirlari majbur bo‘ladi bozorni ochishga, raqobatchilarni kiritishga, temir yo‘l va omborlar infratuzilmalaridagi korrupsion kvota, ajdarho tarif va maʼmuriy to‘siqlarni olib tashlashga. Chunki ular bilishadi, qanchalar savodsiz va primitiv energonoshud ekanliklarini, 80 to‘satdan taqiqlansa, 1 million tonna 92 benzin topib bera olmasliklarini. 80 benzin ishlab chiqarish va sotishni taqiqlash uchun eng qulay vaqt bugun, ertaga yoki shu hafta. Ikki oyoqni bir etikka tiqadigan qilib energokrizis uyushtiriladigan kuz va qish emas”, deya fikr bildirgan iqtisodchi Otabek Bakirov.
Hukumat mamlakatdagi neftni qayta ishlash zavodlarida Ai-80 markali benzin ishlab chiqarishdan butunlay voz kechilishini to‘rt yildan beri aytib keladi. Buning o‘rniga “Yevro-5” talablariga javob beradigan yonilg‘i ishlab chiqarishga o‘tilishi taʼkidlanadi.
So‘ngi qarorga qaraganda, 2028-yildan boshlab “Yevro — 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan (Ai-80 benzini) foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi. 2025−2027-yillarda mazkur benzin importi cheklana boshlaydi.
2024-yil yanvarda mamlakatdagi barcha zapravkalarda Ai-80 benziniga 8 ming so‘mlik yuqori narx chegarasini belgilash rejalashtirilayotgani maʼlum qilingan. O‘shanda Energetika vazirligi narxlarni cheklash bo‘yicha hujjat loyihasi hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlangani va yaqin kunlarda qabul qilinishi kerakligini taʼkidlagan. Biroq bugunga kelib eng arzon benzin narxi ham cheklov darajasidan ancha yuqori.
Izoh (0)