Parijning “PSJ” klubi yarim himoyachisi Marko Asensio faoliyatini Turkiyada davom ettirishi mumkin. Bu haqda Euro-Football nashri xabar bermoqda. Avvalroq OAVda “Fenerbahche” ispaniyalik futbolchining transferi borasida parijliklar bilan kelishuvga erishgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Turkiyalik jurnalist Yag‘iz Sabunchuog‘lining ma’lum qilishicha, “Fenerbahche” 29 yoshli futbolchiga yiliga 9 million yevro maosh taklif qilgan. Biroq Asensio bu miqdorni yetarli deb hisoblamagan va shartnomani imzolashdan avval maosh miqdorini oshirishni so‘ragan. Hozircha tomonlar muzokaralarni davom ettirmoqda.
Ma’lumot uchun, Marko Asensio 2023-yil yozida “Real Madrid”dan “PSJ” safiga o‘tgan edi. U Fransiya klubi tarkibida 47 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 7 ta gol va 11 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 20 million yevroga baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov ham faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettirishga yaqin turibdi. Turk OAVga ko‘ra, futbolchi allaqachon Istanbulga yetib borgan va yaqin kunlar ichida rasman shartnoma imzolashi kutilmoqda.
Izoh (0)