O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilari lavozim maoshi ularning ish tajribasi, ilmiy va malaka darajasi, natijadorligi hamda boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantiriladi.

“Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmonida belgilanishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2025-yil 1-noyabrga qadar davlat xizmatchilarining oylik ish haqi tizimini tubdan takomillashtirishga oid prezident farmoni loyihasini kiritishi lozim.
Hujjatda belgilanishicha, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.
Davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini o‘taydi hamda mazkur kurslarning yakunlari bo‘yicha ularning nazariy bilim va ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkaziladi.
Diagnostikada davlat xizmatchilarining tegishli soha va tarmoq bo‘yicha bilim darajasi, hujjatlarni tuzish va davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalari, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik malakalari, kompyuter savodxonligi, qonunchilikdagi yangiliklarni, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘zlashtirganligi, umumiy eruditsiyasi, psixologik diagnozi va intellektuallik koeffitsiyenti (IQ) kabi ko‘rsatkichlari baholanadi.
Diagnostika va faoliyat samaradorligi (KPI) natijalari Xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida yig‘iladi va tahlil qilinadi. Monitoring tizimi tahlili natijalariga ko‘ra, xodimning mavjud bilim va ko‘nikmalarini kasbiy rivojlantirish xaritasi — portfoliosi yaratiladi.
Kasbiy rivojlantirish xaritasi asosida davlat xizmatchisi rivojlantirishi lozim bo‘lgan “yumshoq” va “qattiq” ko‘nikmalari bo‘yicha majburiy malaka oshirish, shu jumladan, mustaqil ta’lim olish dasturini o‘taydi.
Vazirlik va idoralar tomonidan xodimlarni xorijda o‘qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, grantlar yoki donorlar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida davlat xizmatchilarini o‘qitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasi bilan bog‘liq tadbirlar majburiy tartibda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
Izoh (0)