Afg‘onistonning Xost viloyatida yangi qurilgan suv to‘g‘oni ishga tushirilishidan besh kun o‘tib qulab tushdi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib Hasht-e Subh Daily xabar berdi.

Kichik suv to‘g‘oni oqim tufayli qulab tushgani aytilmoqda. Suv inshooti Xost viloyatining Garbaz tumanida joylashgan. U besh kun avval “Tolibon” suv va energetika vaziri Abdullatif Mansur tomonidan ochilgandi.
Mahalliy aholi to‘g‘onga hattoki 5 million afg‘oni (71 ming dollar) ham sarflanmaganini aytmoqda. “Tolibon” tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning monitoringi yo‘q. 2024-yil “Tolibon” qurg‘oqchilikning oldini olish maqsadida yerosti suvlarini mustahkamlash uchun 100 ga yaqin kichik suv to‘g‘onlari qurilishini aytgandi. O‘shanda Abdullatif Mansur ushbu loyihalarning qurilishi bilan suv tanqisligi ham bartaraf etilishini ta’kidlagandi.
2024-yilning yanvar oyida Xost viloyatida to‘g‘on qurilishi paytida kamida 100 kishining suyak qoldiqlari topilgandi. Rasmiylarga ko‘ra, bu joyda dafn etilgan odamlar 1979-yilda o‘ldirilgan, keyin esa ommaviy qabrga ko‘milgan. Fransiya axborot agentligi “Tolibon” rasmiylariga tayanib, ommaviy qabr “Afg‘onistonda Sovet Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumat davriga tegishli” ekanini xabar qilgandi.
Izoh (0)