Kanada hukumati Rossiyaga tegishli An-124 “Ruslan” og‘ir yuk harbiy-transport samolyotini Kiyev foydasiga musodara qilish bo‘yicha huquqiy jarayonni rasman boshladi. Bu haqda Ukraina bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari, Ukraina adliya vaziri Olga Stefanishina ma’lum qildi.
Rossiyaning “Volga-Dnepr” aviakompaniyasiga tegishli samolyot 2022-yili Toronto xalqaro aeroportida bo‘lgan. Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng Kanada hukumati tomonidan hibsga olingan.
Stefanishinaning so‘zlariga ko‘ra, musodara jarayoni Kanadaning maxsus iqtisodiy choralar to‘g‘risidagi qonuniga binoan olib borilmoqda. Hozirda masala Ontario Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilyapti. U, shuningdek, Kanada Bosh prokuraturasi masala yuzasidan 2024-yilning 18-mart kuni da’vo arizasi kiritilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Ukraina Adliya vazirligi mamlakat Oliy Antikorrupsiya sudi tomonidan 2023-yil avgust oyida chiqarilgan qaror Kanada tomoniga taqdim etilganini bildirgandi. Unda An-124 samolyotiga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi belgilangan. Bu esa Kanada rasmiylari uchun musodara da’vosini rasmiylashtirishda asos bo‘lgan.
Olga Stefanishina mazkur yangilikni Ukraina Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Kanada tomonining uzoq davom etgan va muvofiqlashtirilgan diplomatik-huquqiy mehnatlari natijasi deb ta’rifladi.
Ma’lumot uchun, Kanada Rossiya aktivlarini Ukraina foydasiga musodara qilish bo‘yicha qonuniy mexanizmni joriy qilgan birinchi davlat hisoblanadi.
Izoh (0)