Turkmanistonda ilk bor tosh qog‘oz ishlab chiqarila boshlandi. Bu haqda mahalliy manbalar xabar berdi.

Yangi ochilgan Derýa Ýoly kompaniyasi yiliga 5500 tonna ekologik toza tosh qog‘oz ishlab chiqaradi. Qog‘oz kalsit va polimerlardan, zaharli moddalarsiz tayyorlanadi. An’anaviy yog‘och qog‘ozdan farqli o‘laroq, bu mahsulotni ishlab chiqarishda daraxtlarni kesish va suv talab etilmaydi, chiqindilar esa atrof-muhitga zarar yetkazmaydi.
Material suv o‘tkazmaydi, yirtilishga chidamli, hasharotlardan himoyalangan va oziq-ovqat bilan bevosita kontaktda bo‘lishi mumkin. Tosh qog‘ozdan daftar, albom, konvert, tabriknoma, bosma mahsulotlar, bir martalik idish-tovoqlar va qadoqlash xaltalari tayyorlanadi. Mahsulotning ekologik xavfsizligi ham e’tiborga olingan: tarkibidagi noorganik kukun tufayli u 10–12 oyda quyosh va yomg‘ir ta’sirida parchalanadi.
Kompaniya faoliyati Turkmaniston hukumati tomonidan qabul qilingan import o‘rnini bosish dasturi doirasida olib borilmoqda.
2021-yil fevral oyida O‘zbekistonda tosh qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi ochilgan edi. Undan poligrafiya mahsulotlaridan tashqari qadoqlash va gulqog‘ozlar ham tayyorlanadi. O‘sha paytda MDH mamlakatlarida bu ishlab chiqarishning muqobili bo‘lmagan.
Izoh (0)