Professional boksning birinchi yarim yengil vazn toifasida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev yaponiyalik bokschi Naoya Inoue haqida gapirib o‘tdi.
“U — chempion. P4P yetakchilaridan. Naoyani hurmat qilaman. Biroq u men bilan jang qilishi kerak. Men ham ushbu vaznda eng kuchlilaridan biriman, jahon chempioni bo‘lganman. Balki Inoue mendan qo‘rqayotgandir. Boksda erishish mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlar menda bor. Ringda ko‘p narsani uddalay olaman.
Inoue bilan jang bo‘lsa, men shunday jang ko‘rsatardimki, ular o‘zlari hayratda qolishar edi. Nima uchun u men bilan jang qilishni istamayapti? Chunki bu jang u uchun xavfli. U o‘zini eng kuchliman deb hisoblaydi, lekin men bilan jang qilishga botinolmaydi. Buni qanday tushuntirishni bilmayman. Agar u men bilan jang qilishni xohlamasa, demak, u eng kuchli bokschi emas!
Men tayyorman. Allaqachon unga chaqiruv tashlaganman. Istalgan joyda — Yaponiya yoki Amerika, menga buning farqi yo‘q. Istalgan joyda jang qilishga tayyorman”, — deydi Ahmadaliyev.
Ma’lumot uchun, 31 yoshli yaponiyalik Naoya Inoue ayni paytda ikkinchi eng yengil vazn toifasida WBA, WBC, WBO hamda IBF kamarlari sohibi hisoblanadi. Murodjon Ahmadaliyev esa uning WBA kamari uchun majburiy da’vogar bo‘lib turibdi.
Ahmadaliyev 2023-yilning dekabr oyida Kevin Gonsalesga qarshi jang qilgandi. Qarama-qarshilikning 8-raundida o‘zbekistonlik bokchi raqibini texnik nokautga uchratib, g‘alaba qozongan edi.
Naoya bugun mutlaq jahon chempionligi unvonini himoya qildi. Tokioda bo‘lib o‘tgan boks oqshomida yaponiyalik sportchi Ti Jey Doeniga qarshi jang qilib, yettinchi raundda uni nokautga uchratdi. Inouening zarbasidan so‘ng Doeni jangni davom ettirolmasligi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)