Yevroguruh raisi Paskal Donohou fikricha, Yevropa iqtisodiy jihatdan AQSHdan mustaqil bo‘lishi kerak. U bu yondashuvni noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlarida Donald Trampning ehtimoliy g‘alabasi bilan bog‘ladi.
“Biz iqtisodiy jihatdan avtonom bo‘lishimiz, Yevropa bozori samaradorligini oshirishimiz kerak. Amerikada yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga dosh berish uchun qulay holatda bo‘lishimiz kerak”, dedi Paskal Donohou Bloomberg agentligiga bergan intervyusida. U Yevropa va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarda “jiddiy muammo” bo‘lishi mumkinligini tan oldi.
Ayni paytda AQSH vitse-prezidentligiga nomzod Jey Di Vens u va prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Yevropa bilan tarixiy do‘stlikni saqlab qolish istagida ekanini aytdi.
Yevroguruh Yevropa Ittifoqidagi norasmiy organ bo‘lib, u yerda yevrohudud vazirlari moliyaviy siyosat masalalarini muhokama qiladi. Organning asosiy vazifasi Yevropa Ittifoqi Kengashining iqtisodiy va moliyaviy masalalar bo‘yicha yig‘ilishlarini tashkil etishdan iborat.
Izoh (0)