Xitoy hukumati mamlakat sportchilarining Olimpiya o‘yinlaridagi natijalariga taʼsir etuvchi xatti-harakatlar sodir etayotgan muxlislarga qarshi choralar ko‘rilishini eʼlon qilgan. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Pekin rasmiylari xitoylik sportchilarning Parij Olimpiadasidagi natijalariga taʼsir ko‘rsatayotgan “tajovuzkor muxlislar”ga nisbatan keskin choralar ko‘radi. Sportchilarning o‘yinlardagi chiqishlariga xalaqit bergan yoki ularning natijalari soxta ekanligini daʼvo qilgan muxlislar Olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda jarimaga tortiladi.
Oxirgi kunlarda ko‘plab ommaviy axborot vositalarida muxlislarning bahslar paytida yoqimsiz ovoz chiqarishi yoki hakamlar qarorini adolatsizlik deya baholashi kabi holatlarni ifoda etuvchi videolar tarqalgan. Xitoylik sportchilar bunday nomaqbul xatti-harakatlar yuzasidan o‘z rahbariyatiga xabar bergan.
“Yomon muxlis” madaniyati 3-avgust kungi stol tennisi bahslarida cho‘qqisiga chiqqan. Xitoylik sportchi Chen Men jamoadoshi Sun Yingshani mag‘lub etib, stol tennisi bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida yengilgan Sun Yingshani qo‘llayotgan muxlislar videolari keng tarqalgan. Muxlislar u kuchli charchoq va ketma-ket kuchli raqiblar bilan davraga chiqishi oqibatida charchaganini, aslida, g‘olib u bo‘lishi kerakligini aytgan.
Xitoy ijtimoiy media platformalari stol tennisida yuz bergan voqea haqida salbiy fikrlarni tarqatish va nizolarni qo‘zg‘atishda taxmin qilingan o‘n minglab postlarni o‘chirib tashlagan, 800 dan ortiq akkauntlar bloklangan. Sportchilar haqida ig‘vo tarqatgan muxlislarning tarmoqdagi akkauntlariga cheklov kiritilgan.
Xitoy rasmiylari Olimpiya bahslariga muxlislik qilayotgan shaxslardan odob qoidalariga rioya qilishni so‘ragan. Muxlislar xatti-harakati sportchilarning ko‘p yillik harakatlari va ishtiyoqiga taʼsir qilmasligi kerakligi aytilgan.
Izoh (0)