Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga Turkiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxtning “Esonbug‘a” aeroportida O‘zbekiston prezidentini Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Ikki mamlakat yetakchilari raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Muzokaralar doirasida O‘zbekiston—Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ilk bor ikki mamlakat yetakchi korxonalari va kompaniyalari rahbarlari bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 15-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashuv o‘tkazgandi. 16-mart kuni esa Anqara shahrida prezident raisligida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tgan va davlat rahbari o‘z nutqida qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi.
Izoh (0)