Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi 24 yoshli Sh.B. ariza bilan murojaat qilib, bank kartasidagi 3 mln so‘m puli nomaʼlum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini maʼlum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi 24 yoshli X.G. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan X.G. jabrlanuvchi Sh.B. bilan Telegram messenjeri orqali tanishib, onlayn qimorni yaxshi tushunishi va anchadan buyon shug‘ullanishini aytgan. Pullarini oz fursatda ko‘paytirib berishini vaʼda qilib, aldov yo‘li bilan 3 mln so‘m o‘tkazib olishga erishib, mazkur pullarni ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan X.G.ga nisbatan JKning 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)