Namangan viloyatida xorijdagi migrantlarga maoshi yuqori bo‘lgan ish o‘rinlari taklif qilindi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Unga ko‘ra, Chust tuman 3-sektor rahbari hududidagi mahallalarda xorijga pul topish maqsadida ketgan migrantlar va ularning oila aʼzolari bilan muloqot qildi. Ish topolmay sarson bo‘lib yurgan migrantlar bilan telefon orqali bog‘lanib, shu yerda ham maoshi yuqori bo‘lgan 500 ga yaqin bo‘sh o‘rinlari borligi, qolaversa, tumandagi 3 ta kichik sanoat zonalarida tadbirkorlar tomonidan 3 mingdan oshiq mavsumiy va doimiy ish o‘rinlari mavjudligini tushuntirib, yurtga qaytishni tavsiya qilgan.
Bundan tashqari, To‘raqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i ham 3-sektor hududidagi “Kujron” mahallasida xorijga pul topish uchun ketgan mehnat muhojirlari xonadonida bo‘lib, migrantlarning oila aʼzolari bilan suhbatlashdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan telefon orqali muloqot qilib, chetdagi ish va yashash sharoiti, maoshi to‘g‘risida suhbat qurdi hamda yurtda bandiligini taʼminlash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini taʼkidladi.
Shuningdek, mahalla ahliga uy xo‘jaliklaridagi ekin maydonidan unumli foydalanish borasida tushuntirilib, Sayxunobod tajribasini ommalashtirish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berilgan.
Izoh (0)