Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Crocus City Hallʼdagi terakt bo‘yicha olib borilayotgan jinoiy tergov doirasida yana uch nafar gumonlanuvchini hibsga oldi. Bu haqda The Moscow Times nashri xabar berdi.
“Moskva, Yekaterinburg va Omsk shaharlarida 22-mart kuni sodir etilgan teraktga aloqadorlikda gumonlangan Rossiya fuqarosi va ikki nafar Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan fuqarolar qo‘lga olindi”, — deyiladi federal xavfsizlik xizmati xabarida.
Xabarda aytilishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari chog‘ida qo‘lga olinganlardan ikki nafarida o‘qotar qurollar borligi aniqlangan. Teraktda qo‘llangan transport vositalarini sotib olish uchun ularga pul o‘tkazib berilgani aytilgan.
Federal xavfsizlik xizmati uch kishi hibsga olinganini aytgan bo‘lsa-da, huquq-tartibot idorasi tarqatgan videoda to‘rtta alohida shaxs aks etgan. Ulardan biri vertolyotda olib ketilgani ko‘ringan. Videoda hibsga olinganlarning yuzlari yopiq bo‘lgani uchun ularning shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan.