“Tolibon” ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sirojiddin Haqqoniy odamlar siyosat haqida gapirish o‘rniga “ibodat” qilishlari kerakligini aytdi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Haqqoniy 27-fevral kuni diniy maktabda o‘g‘il bolalarning bitiruv marosimida qatnashdi. Marosimda u odamlar siyosat haqida gapira boshlagani, lekin ibodat qilish “yaxshiroq” ekanini aytdi.
“Erkak va ayollar siyosat borasida shunday bo‘lishi kerak edi va shunday bo‘ladi, deb gapirmoqda. Bu haqda ko‘p o‘ylamang, Allohga ko‘proq sajda qiling, shu yaxshisi”, — deydi Sirojiddin Haqqoniy.
U o‘zlarining siyosatini himoya qilib, Afg‘oniston muvaqqat hukumatining rejimi savdolashilmasligini ta’kidladi.
“Tolibon” hukumatga kelgach, uning rejimini tanqid qilganlar qamoqqa tashlandi. Yaqinda “Rawadari” tashkiloti “Tolibon” 2024-yilning dastlabki olti oyida afg‘on fuqarolarining inson huquqlarini keng va maqsadli poymol qilganini aytdi.
Izoh (0)