Namanganda korxona gazdan noqonuniy foydalanib, davlatga 340 mln so‘m zarar yetkazdi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi axborot xizmati.
Unga ko‘ra, Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Bosh prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar hamda gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Xususan, Yangi Namangan tumanida joylashgan “V.S.Q.” MCHJga qarashli qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi yashirin yo‘l bilan tarmoqqa ulanishi orqali tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur MCHJ tomonidan davlat manfaatlariga jami 340 million 800 ming so‘mlik (227 ming 200 metr kub) zarar yetkazilgan. Qayd etilishicha, qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Izoh (1)
Nega jarima, zarar emas?..