Yerusti metrosining “Turon” va “Qipchoq” bekatlaridagi sinov jarayonlari 15-martgacha davom etadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, transport vazirining 2023-yil 14-dekabrdagi 207-sonli “Toshkent shahri yerusti halqa metro liniyasining Quruvchilar—Qipchoq uchastkasida poyezdlar qatnovini sinov tariqasida boshlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan 2023-yilning 15-dekabr kunidan ushbu uchastkada poyezdlar qatnovi sinov tariqasida boshlangan.
Bugungi kunda yerusti metro liniyalarini qurish, foydalanishga topshirish, topshirish oldi sinov jarayonlarini o‘tkazish o‘rganilgan xorij tajribasi natijalaridan kelib chiqib, shuningdek, sinov jarayonlarini o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan meʼyoriy texnik talablar asosida amalga oshirilmoqda.
Mazkur sinov jarayonlari joriy yilning 15-mart kuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sinov jarayonlari yakunlangach, yerusti metro liniyasining “Turon” va “Qipchoq” bekatlarini o‘z ichiga olgan uchastkasi foydalanishga topshiriladi.
Izoh (0)