Yaqinlashayotgan dam olish kunlarida Bo‘stonliqning tog‘li hududlarida yo‘lning ma’lum qismida harakat bir tomonlama tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarda joylashgan dam olish maskanlarida shanba-yakshanba kunlari fuqarolar tashrifi odatdagidan ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Shuni inobatga olgan holda Amirsoy, Beldersoy, Chimyon kabi dam olish maskanlariga olib boruvchi yo‘lda YTH va tirbandliklarning oldini olish, harakat xavfsizligini ishonchli ta’minlash maqsad qilingan.
Rejaga ko‘ra, 4R6 Toshkent—Chirchiq—Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometridan boshlab, mazkur yo‘lning 92-kilometrigacha, ya’ni 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutashgan joygacha transport vositalarining harakati bir tomonlama tashkil etiladi.
Harakat bir tomonlama tashkil etilgan yo‘lning boshida 5.5 (bir tomonlama harakatli yo‘l) va uning oxirida 5.6 (bir tomonlama harakatli yo‘lning oxiri) axborot ko‘rsatgich yo‘l belgilari, shuningdek, harakatlanib kirish taqiqlangan qismida 3.1 (kirish taqiqlangan) yo‘l belgisi o‘rnatiladi.
Yusufxona chorrahasida bir tomonlama harakat tugatiladi va avtomobillarga ikki tomonlama harakatlanishga ruxsat etiladi. Yusufxona chorrahasidan 4R10 avtomobil yo‘liga burilib, dam olish maskanlaridan ortga qaytish mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)