Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi AYQSHda sifatsiz avtobenzin yonilg‘isi sotilgani aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Mirzaobod tumani bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasining “I.P.” MCHJga qarashli AYQSHda o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlangan. Ushbu AYQSHda 10 730 litr Ai-92 markali avtobenzinning oktan soni bo‘yicha sifat ko‘rsatkichi davlat standarti parametrlariga mos kelmasligi, shuningdek, MCHJ tomonidan mijozlarga sifatsiz yonilg‘i sotilgani natijasida 12 nafar fuqaroning avtotransport vositasiga 103,2 million so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)